Xitoy yetakchisi Si Jinping va Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang 7 mart kuni AQShga qarshi o‘ta keskin bayonotlar bilan chiqdi. Ko‘plab ekspertlar Pekin va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi keskin munosabatlarni inobatga olgan holda ham bunday bayonotni haddan tashqari agressiv deya baholadi. Shu bilan birga, Pekin Ukraina urushi boshlanganidan beri birinchi marta ochiqchasiga Rossiyani asosiy hamkori deb atadi.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy shu tarzda yaqin kelajakdagi xalqaro siyosatdagi maqsadlarini ko‘rsatdi.

Xitoy yetakchisi Si Jinping 7 mart kuni Kommunistik partiya qurultoyida so‘zlagan nutqida Qo‘shma Shtatlarni Xitoyga «bosim o‘tkazish va yakkalash»ga urinishda aybladi.

Uning nutqi AQShni ayblovchi da’volarga to‘la bo‘ldi va ko‘pchilik uchun, hatto Pekin vakili uchun ham noodatiy bo‘lib tuyuldi.

«AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari bizga qarshi keng qamrovli tiyib turish, o‘rab olish va bosim o‘tkazish siyosatini olib bormoqda», degan Si Jinping.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Xitoy rahbari o‘z chiqishlarida AQSh nomini kamdan kam hollarda to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga oladi. U ko‘proq umumiy G‘arb so‘zidan foydalanadi.

Qurultoydan keyingi matbuot anjumanida Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang keskinlikda Jinpingnikidan kam bo‘lmagan gaplarni aytdi.

«Agar AQSh tormozni bosmasa va noto‘g‘ri yo‘ldan yurishni davom etsa, hech qanday to‘siq vagonlar relsdan chiqib ketishi va qulashiga to‘sqinlik qila olmaydi, qarama-qarshilik albatta yuzaga keladi», degan Gang.

Bu bilan u Pekin o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga nisbatan Xitoy siyosatiga AQShning aralashuvini nazarda tutgan. Vashington Tayvanga Xitoy uning suverenitetiga tajovuz qilgan taqdirda himoya qilishni va’da berib keladi.

Tayvan va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik shu qadar kuchliki, Tayvan prezidenti Say Ing Ven AQSh Kongressi spikeri Kevin Makkartidan orolga tashrif buyurmaslikni va undan ko‘ra, uni Vashingtonda qabul qilishni so‘ragan.