
Foto: Amerika ovozi
Bruklin tumanida istiqomat qilgan, 2022 yilning 26 iyunida bedarak ketgan 43 yashar Shehroz Tohirovning jasadi 21 fevral kuni Bruklindan qariyb 200 kilometr olisdagi Ellenvil shahrida joylashgan uyning orqa hovlisidan topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, jasad otib o‘ldirilgan shaxsga tegishli bo‘lib, qotillik sanasi Tohirov yo‘qolgan kunga to‘g‘ri kelmoqda.
Federal prokuraturaga ko‘ra, jasad topilgan joy rus mafiyasi (AQShda kelib chiqishi sobiq ittifoqqa taqaluvchilardan iborat jinoiy to‘dalarni rus mafiyasi deb atashadi)ning qo‘nalg‘asi bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Jinoyat ishi Federal qidiruv byurosining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Yevrosiyo guruhi tomonidan tergov qilingan.
“New York Daily News” sud hujjatlariga tayangan holda qotillikda gumonlanib qo‘lga olingan Shlomo Patchiyev va uning mamlakatdan qochib ketgan, ismi oshkor qilinmayotgan sherigi Shehroz Tohirov yo‘qolishidan oldin u bilan uchrashgani va 500 ming dollar talab qilgani haqida yozgan. Politsiya buni tovlamachilik sifatida malakalagan. Tomonlarni qimmatbaho soatlar savdosi bog‘lab turgani aytilmoqda.

Foto: NYPD/Google
Qidiruv-surishtiruv xulosasida Tohirov 25 iyun kuni ertalab uyidan qo‘lida qora sumkada 100 ming dollar atrofida naqd pul bilan chiqqani keltirilgan. Tergovda aniqlanishicha, u Patchiyevning sherigiga ana shu mablag‘ni, bank hisobidan yechilgan yana 30 ming dollar (20 ming dollarlik bank cheki va 10 ming dollar naqd pul) va «Mersedes-Benz» rusumli avtomashinasini berib, ikki biznes sherigini tinchlantirishga umid qilgan.

















