Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari, matbuotda Rossiya bosqiniga tayyorgarlik barbod bo‘lishida gumondor sifatida ko‘rilgan Ivan Bakanov hech qanday jinoyat ishi figuranti hisoblanmaydi. Bu Ukraina davlat tergov byurosining BBC Ukraina nashri so‘roviga yuborgan javobida qayd etilgan.

Prezident Volodimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti ekani aytiluvchi Ivan Bakanov 2022 yil iyul oyida Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari lavozimidan chetlashtirilgan edi. Bo‘shatilishga rasmiy asos — xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik moddasi.

O‘shandan beri Bakanov jamoatchilik ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘ldi. Na prezident, na uning o‘rnini egallagan Vasiliy Malyuk Bakanovning iste’fosiga izoh berdi.

Kuzatuvchilar Bakanov lavozimidan bo‘shatilishining asl sababi Ukraina xavfsizlik xizmatining Rossiya bosqinini qaytarishga tayyorgarlik ko‘rishdagi muvaffaqiyatsizligi deya taxmin qildi. O‘tgan hafta esa Ukraina matbuoti xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari DTB tomonidan olib borilayotgan bir necha jinoiy ishda figurant ekani haqida yozdi.

Jinoyat ishi yo‘q

«Davlat tergov byurosi tergovchilari tomonidan Bakanovning noqonuniy faoliyati tekshirilgan jinoiy ish yuritilmagan, unga nisbatan gumon e’lon qilinmagan, ayblov xulosalari sudga yuborilmagan, xizmat tekshiruvi materiallari Davlat tergov byurosiga kelib tushmagan», deya xabar bergan Ukraina davlat tergov byurosi BBC nashriga. DTB Ukraina huquq-tartibot organlari xodimlari, sudyalar va yuqori martabali davlat amaldorlariga qarshi ishlarni ko‘rib chiquvchi tashkilot hisoblanadi.

Davlat tergov byurosi bayonotida qayd etilgan ichki xizmat tekshiruvi Bakanovga u iste’foga chiqishi bilanoq darhol tayinlangandi. Xizmat tekshiruvi yakunlangani fevral oyi boshida ma’lum bo‘ldi va hujjatlarda maxfiy materiallar mavjudligi sababli tekshiruv natijalari e’lon qilinmadi.

BBC nashrining Ivan Bakanovga yaqin suhbatdoshining aytishicha, tekshiruv UXX sobiq rahbarining harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligini ko‘rsatgan.

Bakanov generallari

Ivan Bakanovning faoliyati huquqni muhofaza qilish organlari qiziqishlari doirasiga tushishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandan so‘ng darhol paydo bo‘lgandi.