Kelib chiqishiga ko‘ra vetnamlik bo‘lgan Ke Hyui Kuan bolaligidayoq Hollivudni zabt etgandi, ammo keyingi o‘n yilliklarda sahnalardan g‘oyib bo‘lgandi. Bir necha yil oldin esa orzusini amalga oshirish uchun qaytishga va yana aktyor bo‘lishga qaror qildi. BBC muxbiri Ien Yangs u haqida hikoya qiladi.

Ke Hyui Kuan bolaligida 1980-yillarning mashhur blokbasterlari – «Tentakvoylar» (The Goonies) va «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» (Indiana Jones and the Temple of Doom) filmlarida rol ijro etadi, ammo keyin ekranlardan g‘oyib bo‘ladi. U Hollivudga keraksiz bo‘lib qolganidan keyin aktyorlikdan voz kechgandi. Endi esa g‘alaba bilan qaytdi va darhol ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak aktyor uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi.

«Aytishlaricha, bunday hodisalar faqat kinoda bo‘lardi. Bu men bilan ro‘y berganiga ishona olmayapman. Bu amerikacha orzu», deya ko‘zda yosh bilan gapirdi Kuan mukofotni topshirish marosimida.

U 1970-yillarda yetti yoshligida oilasi bilan fuqarolar urushi girdobidagi Vetnamni tark etadi. U otasi bilan Hongkongga, onasi boshqa uch farzand bilan – Malayziyaga borib qoladi.

Kuan «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» filmida Harrison Ford bilan birga suratga tushgandi

Keyinchalik oila yana birlashadi, 1979 yilda AQShga emmigratsiya bo‘ladi, 1984 yilda 12 yoshidaligida Kuan tasodifan «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» filmidagi Pakana kissavur roli uchun sinovga borib qoladi.

Keyingi yil esa u «Tentakvoylar»da gadjetlar ishqibozi Data rolini o‘ynaydi.

Ammo u o‘smirlikdan yigitlikka qadam qo‘ygani sari rollari kamayib boradi, yakunda turli filmlarda kaskadyorlar bo‘yicha koordinator va rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlaydi.

2018 yilda prokatga chiqqan «O‘ta badavlat osiyoliklar» (Crazy Rich Asians) filmidan keyin Kuan 50 yoshida yana o‘z omadini sinab ko‘rishga va sahnaga qaytishga qaror qiladi.

«Tentakvoylar» hozirgacha bolalar kinosi klassikasi hisoblanadi. Foto: ALAMY