14 mart tongida amerikaliklarning MQ-9 rusumli uchuvchisiz uchish apparati Qora dengizdagi betaraf hududda rossiyaliklarning Su-27 qiruvchi samolyoti bilan to‘qnashuv oqibatida halokatga uchradi. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi xabar bergan. Rossiya mudofaa vazirligi dron halokati faktini tasdiqlagan, ammo to‘qnashuv haqida hech narsa demagan.
CBS telekanali Su-27 va Amerika droni to‘qnashuvi aks etgan videorekonstruksiyani e’lon qildi. Videodan ma’lum bo‘lishicha, ikki qiruvchi samolyot yarim soat ichida dron atrofida 19 marta aylanib, unga yonilg‘i uloqtirgan. Yonilg‘i dron vintiga tegib, uning ishdan chiqishiga sabab bo‘lgan.
Amerikalik harbiylar versiyasi
Amerika qo‘mondonligiga ko‘ra, rossiyaliklarning ikkita Su-27 samolyoti «odatiy amaliyot»ni bajarayotgan dron yo‘lini to‘sib chiqqan. Qiruvchilardan biri manyovr amalga oshirib, MQ-9 vintini bo‘shatib yuborgan, natijada dron boshqaruvni yo‘qotgan va uni cho‘ktirishga to‘g‘ri kelgan.
Amerikalik harbiylar qiruvchi samolyot bajargan manyovrlarni «xavfli va noprofessional» deb atagan, bu harakatlar «ikki samolyotning ham qulashiga olib kelishi mumkin bo‘lgani»ni bildirgan.
«Bu hodisa rossiyalik uchuvchilarning xalqaro havo hududida, jumladan Qora dengiz ustida AQSh va ittifoqchilarning samolyotlari bilan aloqa qilishdagi xavfli harakatlari ketma-ketligini davom ettiradi. Rossiya ekipajining bunday tajovuzkor harakatlari xavfli va beixtiyor eskalatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi press-relizida.
Rossiyalik harbiylar versiyasi
RF mudofaa vazirligi Amerika tomoni bayonotidan taxminan ikki soat keyin rasmiy izoh berdi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, dron transpondyorini o‘chirgan holda urush tufayli parvozlar cheklangan hududga — Qrim hududida «Rossiya chegaralari yo‘nalishi»da parvoz qilgan.
Dronni aniqlash maqsadida havoga qiruvchilar ko‘tarilgan. Keskin manyovrlar natijasida MQ-9 droni nazoratsiz parvozga o‘tgan va suvga qulagan, deya ta’kidlaydi rossiyalik harbiylar. Vazirlik xabarida qiruvchi bilan to‘qnashuv haqida hech narsa deyilmagan.
«Rossiya qiruvchilari bort qurollarini qo‘llamadi, uchuvchisiz uchish apparati bilan kontaktga kirishmadi va baza aerodromga qaytgan», — deya qayd etgan RF mudofaa vazirligi.

















