Janubi-Sharqiy Afrikadagi Madagaskar, Malavi va Mozambikda «Freddi» tropik bo‘roni kamida 522 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu, 18 mart, shanba kuni dpa agentligi xabariga ko‘ra, ushbu mamlakatlar hukumatlarining rasmiy ma’lumotlari.
Qurbonlarning aksariyati uch mamlakatning eng kichigi va dunyodagi eng qashshoqlardan biri bo‘lgan Malavida. Bu mamlakat rasmiylari 438 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilmoqda. Yana 345 mingga yaqin odam «Freddi» o‘zi bilan olib kelgan kuchli yomg‘ir, suv toshqini va ko‘chkilardan jabr ko‘rdi. O‘n minglab odamlar uysiz qolishdi. Mamlakat janubida favqulodda holat e’lon qilindi.
Mozambikda, prezident Felipe Nyusi so‘zlariga ko‘ra, bo‘ron tufayli kamida 67 kishi halok bo‘lgan. Madagaskar hukumati qurbonlarning minimal sonini 17 kishi deb hisoblamoqda.
Hind okeani ustida vujudga kelgan «Freddi» tropik bo‘roni 21 fevral kuni Madagaskarga yetib keldi. Keyin u bo‘g‘oz bo‘ylab qit’aga ko‘chib o‘tdi va yana orolga «qaytib keldi» - 11 mart kuni Mozambik va Malavi ustiga yopirildi. Shunday qilib, u bir oydan ko‘proq vaqtdan beri davom etmoqda va Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tarixdagi eng uzoq vaqt davom etgan bo‘ronga aylanishi mumkin. 6 fevral kuni u siklon deb e’lon qilindi.
Janubiy Afrikada siklon mavsumi yanvarda boshlanadi va mart-aprelda tugaydi.















