Ota-ona ishonchini oqladik...

“Prezident maktabiga tayyorgarlik ko‘rish o‘ziga xos jarayon bo‘lgan. Aka-uka omadimiz kelib imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdik. Asosan internetdan kerakli ma’lumotlarni o‘qib mustaqil ravishda tayyorgarlik ko‘rdik.

 Bahromjon Shamsiddinov

Uyda ukam bilan kim o‘zarga mashqlar bajarardik. Faqat ingliz tilidan 3 oy repetitorga qatnadim. Matematika va mantiqiy fikrlash testlaridan yaxshi natija ko‘rsatganim uchun nomzodlar orasidan saralab olindim.

Ukam Akramjonning matematika faniga qiziqishi yuqori edi. Unga misollar bajartirganim uchun o‘zidan yuqori sinf darsliklardagi mashqlarni ham yechar edi. Shuning uchun u 2 700 o‘quvchi ishtirok etgan saralash imtihonida 100 foiz natija bilan birinchi beshtalikdan joy olgan. Ikkinchi bosqichda ham yaxshi natija ko‘rsatgan.

Otam oddiy usta, onam esa o‘qituvchi. Ular imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tishimizni astoydil xohlashgan edi. Imtihon natijalari chiqqach onam juda hayajonlangan. Birimiz o‘tib, birimiz o‘ta olmasligimiz haqida o‘ylab tashvishda edilar. Ming shukrki, ularning ishonchini oqladik.

Prezident maktabining eng yoqqan tomoni o‘quvchilarning deyarli barchasi oddiy oila farzandlaridir. Hozirda kimyo va biologiya fanlarini astoydil o‘rganyapman. Kelajakda bu fanlar doirasida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqchiman”,– deydi Bahromjon Shamsiddinov.

Qishloqda bizga ko‘pchilik havas qiladi...

“Akam 11-, men esa 6-sinfda o‘qiyman. Kelajakda dasturchi bo‘lmoqchiman. Matematika faniga qiziqaman. Yaqinda Qorako‘l olimpiadasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Qishloq sharoitida bo‘lsa ham ota-onamiz o‘qish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishgan.

Akramjon Shamsiddinov

Prezident maktabiga kirish uchun deyarli mustaqil tayyorgarlik ko‘rganmiz. Ham akam va men imtihondan o‘tganimizni eshitgan ota-onam juda xursand bo‘lishgan. Onam o‘qituvchi, otam usta-duradgor, uyda chorva boqadi.