O‘zbekiston | 11:24 / 20.03.2023
36550
2 daqiqa o‘qiladi

Vayner Dilshod O‘rozboyev ozodlikka chiqarildi

Internet olamida Dili.me nomi bilan tanilgan vayner ozodlikka chiqdi. Bu haqda Kun.uz’ning huquqni muhofaza qilish idoralaridagi manbasi xabar berdi.

Foto: Instagram / Dili.me

Manbaning ta’kidlashicha, blogerga nisbatan sud tomonidan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi sanksiya uning advokati tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatidan so‘ng yuqori turuvchi sud ajrimi bilan o‘zgartirilgan va u ozodlikka chiqarilgan.

Dili.me taxallusi bilan tanilgan Dilshod O‘rozboyev sheriklari bilan birgalikda bir yigitni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgani uchun qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura bu ma’lumotni tasdiqlab, hodisa 23 yanvar kuni sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi bir necha marotaba chaqirtirilishiga qaramasdan tergovga kelishdan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida vayner 10 mart kuni ushlanib, tergovga jalb qilingandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, kaltaklangan shaxs 24 yashar erkak bo‘lib, u vaynerning kuyovi (singlisining turmush o‘rtog‘i) hisoblanadi. Nizoga o‘rtada oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Mojaro aynan nimaning ortidan kelib chiqqani ma’lum emas.

Mavzuga oid