O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi zilzila oqibatida respublika hududida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar kuzatilmaganini ma’lum qildi.
«Respublika hududida hech qanday ko‘ngilsiz hodisalar kuzatilmadi. Bino va inshootlarga zarar yetmagan.
O‘z navbatida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholidan sarosimaga tushmaslikni va vahimaga berilmaslikni so‘rab qoladi. Ba’zi-ba’zida shunday zilzilalar respublikamiz hududida kuzatilib turadi», deyiladi vazirlik xabarida.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘z kanalida yozishicha, bugungi zilzila ortidan qisqa vaqt ichida yana kuchli zilzila bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q.
«Afg‘onistonda sodir bo‘lgan kuchli zilzila ikki plitaning o‘zaro birlashgan nuqtasiga yaqin hududda sodir bo‘ldi.
O‘zbekistonda seysmik qo‘zg‘alish ko‘p jihatdan Hindiston va Yevrosiyo plitalarining o‘zaro ta’siriga bog‘liq. Mazkur plitalarning seysmik tutashuvi Afg‘onistonda joylashgan bo‘lib, u yerda chuqur fokusli zilzilalar (130 km.dan chuqurlikda) tez-tez uchraydi. O‘zbekistonda mazkur seysmik faollikning aks-sadolari yetib keladi. Soat 21:47 da kuzatilgan zilzila ham shular jumlasidan.
Epimarkazida 6,6 magnitudali zilzilaning 220 km chuqurlikda bo‘lishi va ortidan aftershoklar kuzatilmasligi uning anchagina chuqurlikda ro‘y bergani bilan tushuntiriladi. Bunday jarayonda zilzila ortidan qisqa vaqtda yana qayta kuchli zilzilaning bo‘lish ehtimoli juda past (yo‘q hisobi)», degan u.
Bugun, 21 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:47 da Afg‘onistonda 6,6 balli zilzila sodir bo‘ldi. Ushbu zilzila kuchi O‘zbekiston Respublikasi hududida ham sezildi.
Zilzila koordinatalari: 36,41 gradus shimoliy kenglik; 70,98 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=6,6. Chuqurlik 220 km.

O‘zbekiston hududidagi silkinishlar kuchi:
- Surxondaryo viloyati: 5−6 ball, 342 km
- Farg‘ona viloyati: 5 ball, 447 km
- Sirdaryo viloyati: 5 ball, 493 km







