O‘zbekiston | 16:26 / 24.03.2023
12376
3 daqiqa o‘qiladi

Asaka tumani sobiq hokimiga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Foto: KUN.UZ

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining 2023 yil 27 yanvardagi hukmi bilan Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, Mansur Alixonov (1984 yilda Andijon tumanida tug‘ilgan, Asaka tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, ushbu hukmga ko‘ra U.S. (1982 yilda Shahrixon tumanida tug‘ilgan, Asaka tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan;

O.Q. (1985 yilda Asaka tumanida tug‘ilgan, Kadastrlar palatasi Asaka tumani filiali mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining yigirma foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 

Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchilar Mansur Alixonov va U.S.ning himoyachilari bilan birgalikda birinchi instansiya sudining hukmi ustidan keltirgan apellyatsiya shikoyatlari asosida jinoyat ishining ularga oid qismini Andijon viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun 2023 yil 30 mart kuniga tayinlangan.

Mansur Alixonov 2020 yilning sentabr oyida Asaka tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. U o‘z vaqtida Jalaquduq tumani IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

2022 yilning 27-sentabr kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun Mansur Alixonov tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan.

Mavzuga oid