«Million bu katta raqam»
Muxbir Putindan G‘arb Ukrainaga yana bir millionta snaryad yetkazib berishi, bu Rossiya uchun qanchalik xavfli ekani haqida so‘radi.
«Million ko‘pmi yoki kammi? Menimcha, bu yaxshigina katta raqam. Shu bois bu narsaga jiddiy e’tibor berish kerak. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh bunday kalibrdagi snaryadlardan oyiga 14-15 mingta ishlab chiqaradi. Ukraina esa kuniga 5 mingtagacha snaryad ishlatmoqda. Bizdagi manbalarga ko‘ra, AQSh keyingi yildan oyiga 42 mingta shunday snaryad ishlab chiqarib, 2025 yildan esa bu ko‘rsatkichni 75 mingtachaga oshirmoqchi. 2025 yilda nima bo‘lishini bilmaymiz, shu bois hozirgi raqamlarga qarab ish qilishimiz kerak», dedi Putin.
Rossiyada oxirgi vaqtlarda snaryad yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammo tez-tez tilga olinmoqda. Xususan, «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin va uning yollanma jangchilari Rossiya bosh shtabini snaryad yetkazib berishdagi sustkashlik uchun ko‘p marta haqorat qilgan va xatto xiyonatda ayblagan. Putin intervyusi davomida bu mavzuga ham to‘xtalib, RF mudofaa vazirligi hamda bosh shtab kelishgan holda snaryad sarfiga cheklov o‘rnatganini ma’lum qilgan. Ya’ni snaryad kam berilayotgani uning buyrug‘i asosida amalga oshirilmayotganiga ishora qildi.
«Ha, biz ko‘proq snaryad ishlatyapmiz. Hozir buni muhokama qilmoqchi ham emasman, lekin mudofaa vazirligi va bosh shtab kelishgan holda snaryad yetkazib berish uchun limit ham joriy qilishga majbur bo‘lishdi. Biz hozir Ukrainaga millionta snaryad berilishi haqida gapiryapmiz, lekin Rossiya bundan uch baravar ko‘p snaryad ishlab chiqardi. Ko‘pchilik harbiy ishlab chiqarish sanoatimiz bunchalik tez rivojlanib ketishini kutmagandi ham. Shunday ekan, Ukrainaga kelayotgan snaryadlar soni bizni bu borada xavotirga solmaydi, shunchaki bu mojaroni cho‘zib yuborishi mumkinligi bois xavotirli», dedi Rossiya prezidenti.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, boshqa qurollar ham har qanaqasiga Rossiyada ko‘proq bo‘laveradi: «Ukrainaga 400 tadan ko‘proq, 420, 440 ta tank yetkazib berishmoqchi, lekin biz bu vaqtda 1600 tank yasaymiz yoki modernizatsiya qilamiz. Bizda har qanaqasiga Ukrainadagidan uch baravar ko‘p tank bo‘ladi. Aviatsiya yoki boshqa turdagi qurollar haqida gapirmasam ham bo‘ladi. Bu borada farq o‘n baravargacha».
Putin Ukrainaga yetkazib berilishi kutilayotgan kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar mavzusiga alohida to‘xtaldi. «Albatta, bu ommaviy qirg‘in qurollari sirasiga kirmaydi, lekin undan baribir radiatsion chang chiqadi. Bunday qurollardan foydalanilgandan keyin Iroq va Yugoslaviyada onkologik kasalliklar ko‘paygan. Axir Ukraina hujum qilayotgan yerlardagi odamlarni o‘ziniki deb hisoblayapti-ku. Bu qurol nafaqat jangda qatnashayotganlarga, balki atrofdagi odamlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ha, bizda ham bunday turdagi qurollardan yuz minglab dona bor, lekin ulardan hali foydalanganimiz yo‘q», dedi Putin.


















