Jahon | 09:47 / 27.03.2023
5600
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yana Yapon dengizi tomon raketa uchirdi

Shimoliy Koreya provinsiyalaridan biri hududidan qisqa masofali raketalar uchirildi, deb xabar qildi Janubiy Koreya harbiylari va Yaponiya Mudofaa vazirligi. Tokio Pxenyanga protest bildirdi.

Foto: AP

Shimoliy Koreya qurolli kuchlari 27 mart, dushanba kuni ertalab kamida ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi, deb xabar bermoqda Janubiy Koreya armiyasi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi. Raketalar Yapon dengizi tomon uchirilgan.

Yaponiya Mudofaa vazirligi raketalar uchirilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi va ular suvga qulagan holda taxminan 350 km masofani bosib o‘tganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Tokio KXDRning bunday harakatlariga keskin norozilik bildirdi. Yaponiya Shimoliy Koreyaning ballistik raketa sinovlari BMT Xavfsizlik Kengashining Pxenyanga buni taqiqlovchi rezolyutsiyalarini buzishini qayd etdi.

Mintaqada 23 mart kuni Janubiy Koreya va AQShning 13 martdan beri davom etgan so‘nggi yillardagi eng yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari yakunlandi. Mashqlar davomida Pxenyan bir hafta ichida dengizga qarab kamida beshta raketa uchirdi, jumladan, strategik ballistik raketalar va kamida bitta uzoq masofali raketa otildi. KXDR shunday tadbirlardan birida «yadroviy qarshi hujum» amaliyotini o‘tkazib, «soxta yadro kallagi bilan jihozlangan taktik ballistik raketa» uchirdi.

Shundan so‘ng Pxenyan yadro qurolini olib yurishga qodir bo‘lgan yangi suvosti dronni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini, u suvosti portlashi yordamida «o‘ta kuchli radioaktiv sunami»ni keltirib chiqarishi mumkinligini ma’lum qildi. Biroq Janubiy Koreya va AQSh tahlilchilari Pxenyanda bunday qurollar borligi haqidagi bayonotlarga shubha bilan qaragan.

Mavzuga oid