Voqea 2023 yilning 17 mart kuni tonggi 5.00 larda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash xonadon egalarining isitish pechini noto‘g‘ri o‘t oldirishi oqibatida kelib chiqqan.
Biz portlash sodir bo‘lgan xonadonga bordik. Marhumlarning yaqinlari og‘ir musibat ustida bo‘lgani uchun holat haqida kamera qarshisida gapirishni istashmadi. Shundan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lib, bemorlar shifoxonaga olib kelingan vaqtda qanday holatda bo‘lgani bilan qiziqdik.



Bemorlarni qabul qilib olgan shifokor Zohir Mardiyevga ko‘ra, ularning ahvoli kelgan vaqtda ham ancha og‘ir bo‘lgan. Shunday bo‘lsada, shifokorlar bilan muloqotga kirisha olishgan. Tana va yuz sohalarida 60-70 foizgacha kuyish alomatlari bo‘lgan. Bobo va buvining holati ancha og‘ir bo‘lgani sababli ularni tuman tibbiyot birlashmasidan ko‘chirish lozim topilmagan. Nabiralar esa RShTYoIM Samarqand filialiga ko‘chirilgan.
Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, oila a’zolarining barchasi nobud bo‘lgan: buvi va ikki nabira 26 mart kuni, bobo esa 27 mart kuni vafot etgan.
Tuman prokuraturasi ayni vaqtda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.



Kattaqo‘rg‘on tumangaz bo‘limi boshlig‘i Oybek Qo‘ldoshev o‘z intervyusida xonadon egalari haqiqatan ham gazdan noto‘g‘ri foydalangani haqida gapirdi. Qo‘ldoshevning aytishicha, 2022 yilning dekabr oyida tuman aholisi, xususan, Madrasa mahallasi aholisi bilan ham suhbatlashilgan. Qo‘lbola pechlardan foydalanmaslik, xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda tabiiy gazdan foydalanish to‘g‘risida ogohlantirilgan. Biroq ushbu noxush holat sodir bo‘lganidan so‘ng, o‘sha xonadon borib o‘rganilganda me’yorga to‘g‘ri kelmaydigan garilkalar hamda rezina shlanglardan foydalanilgani aniqlangan.



















