Nihoyat, milliy jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlar ushbu mavsum uchun yakunlandi va klublar futboli o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Ispaniya va Italiyada chempion nomi deyarli savol qoldirmayotgan bo‘lsa-da, Angliya va Germaniyada vaziyat juda qaltis va albatta, chempionlik masalalaridan tashqari, klublar yevrokuboklar uchun yo‘llanmalar, ligada jon saqlash kabi vazifalar bizni kutib turgan ikki oylik marafonda hal qilib olishlari kerak. Marafonga esa eng zo‘ri, Pep Gvardiola va Yurgen Kloppning navbatdagi dueli bilan start beriladi. 

APL. 1 aprel (shanba)

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL

O‘yin boshlanish vaqti: 16:30

APL birato‘la turning markaziy uchrashuvi bilan boshlanadi. Ham chempionlik poygasida, ham Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda hal qiluvchi bahslardan biri.

Pep Gvardiola jamoasi shunday pallaga yetib keldiki, endi xatolar kechirilmaydi. «Siti» o‘zi uchun tanish bo‘lgan rejimga qaytishga majbur – boshqa ochko yo‘qotilmasligi kerak. «Arsenal» avvalgidan ham kuchliroq bo‘lishi tabiiy, zero «finish»ni ko‘rganda londonliklar o‘z darajasidan ham yuqoriroq harakat qilishi turgan gap. Buning ustiga «Arsenal» yevrokuboklardan chiqib ketdi, «Manchester Siti» esa chempionatdan tashqari, Chempionlar ligasi va Angliya kubogi uchun ham kurashishi kerak.

«Liverpul» qat’iyat sinovi uchun mukammal nomzod. Klopp shogirdlari bu hafta «Manchester Siti», kelasi dam olish kunlari esa «Arsenal» bilan o‘ynaydi. Jamoa chempionlik duelida muhim rollardan birini o‘ynash bilan birgalikda, o‘z maqsadiga ham yetishi kerak. «Liverpul» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Nyukasl»dan 5, «MYu»dan 8 ochko ortda bormoqda. Bu turda shu raqiblar o‘zaro o‘ynashidan foydalanib, liverpulliklarda yaqinlashib olish imkoniyati bor. Yakunda hech bo‘lmasa, ikkovidan birini quvib o‘tish uchun jamoa o‘ta yuqori saviyadagi o‘yinni namoyish qilishi shart. «Siti» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlar orasida, seshanba kuni «Liverpul» «Chelsi» mehmoni bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Hal qiluvchi palla.  

Foto: Getty Images

Tarkiblarga kelsak, «Liverpul» jarohatlar muammosi bilan kurashishda davom etyapti. Alkantara hali qaytgani yo‘q, Bayjyetich mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Bular yetmagandek, Nunez, Henderson, Tsimikas, Dias kabi futbolchilarning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Mayli, Klopp bunday muammolarga o‘rganib ham qoldi, doim kimnidir o‘rnini to‘ldirish muammosi bilan kurashib kelmoqda, ammo «shaharliklar»ning muammosi son jihatdan kamroq bo‘lsa-da, ta’sir doirasi kattaroq bo‘lishi mumkin. Erling Holand so‘nggi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordi va uning «Liverpul»ga qarshi o‘yinda maydonga tusha olmasligi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. «Manchester Siti» urgan gollarining 40 foizidan ortig‘ining muallifi bo‘lgan hujumchining o‘rnini to‘ldirish oson bo‘lmaydi, albatta. Shuningdek, Fil Foden ham jaroxati tufayli sheriklariga yordam bera olmaydi.