Gohida kimgadir achchiq qilib shunday xatoga yo‘l qo‘yamizki, uning tovonini butun umr to‘lashimizga to‘g‘ri keladi. U xato nafaqat bizning, balki yaqinlarimizning ham hayotini ostin-ustun qilib yuboradi. Hayotimiz sahifasida o‘chmas dog‘ bo‘lib qoladi.

“Hayotiy hikoyalar”ning bu galgi qahramoni ham xatosining tovoniga umrining eng go‘zal lahzalarini  berib, kunlarini afsus, nadomat bilan o‘tkazayotganlardan.

“Turkiyaga kelganimga ham ancha yil bo‘ldi. Hatto sanoqdan ham adashib ketdim. Uch yilmi, to‘rt yilmi, balki besh yil bo‘lgandir. Kunlarni sanashimdan foyda yo‘q, chunki men ortimga, vatanimga, oilam bag‘riga qaytolmayman.

Bu yerga odamlardan qochib kelganman. Ammo odamlardan qanchalik qochmay, o‘zimdan qocholmadim, xayollarimdan qutulolmadim. Bir vaqtlar oilam, xiyonatkor bo‘lsa ham erim, bir-biridan shirin farzandlarim, ota-onam bor edi. O‘ylamay bosgan qadamim meni barchasidan ayirdi...

Ota-onam oddiy, mehnatkash insonlar edi. Otam novvoy, biz ularga ko‘makchi edik. Hovlimizda ish tugaganini eslolmayman. Suyagim mehnatda qotdi. Tinim bo‘lmasa-da, oilamizda xotirjamlik, baraka bor edi.

Vaqti soati bilan meni turmushga uzatishdi. Turmush o‘rtog‘im bo‘ylari baland, xushsurat yigit edi. Uni juda yaxshi ko‘rardim. Shu qadar yaxshi ko‘rardimki, jonimni berishga ham tayyor edim.

Sahar turib kelinlik vazifalarimni qilar, doimo unga e’tiborli bo‘lishga urinardim. Tun yarmida xamir qorib, tong otmasdan tandirga o‘t qalardim. Oila a’zolarim uyg‘onmasdan nonlarni uzardim. Qaynotam qaynonamga bu kelining uxlaydimi o‘zi, der ekanlar.

Katta farzand bo‘lganlari uchun alohida hovliga ko‘chib chiqdik. Qaynotam yaxshi joylarda ishlagan, o‘g‘illariga ular ulg‘aymasdan turib uy-joy solib qo‘ygan ekanlar. Birga yashaganimizda bilinmagan ekan, erimning tayinli ishi yo‘qligi alohida chiqqanimizdan so‘ng sezila boshladi.

Otasining davlatiga kerilib yurgan yigitlardan ekanligi kun sayin bilinib borardi. Bozor-o‘char qilishni bilmas, kiyim-kechakni qo‘yaturing, ro‘zg‘orga yetarli mablag‘ topolmasdi. Bu vaqtda men homilador edim. Ko‘nglim bir nimalar tusasa ham erim qiynalmasin deb aytishga iymanardim.

Qaynona-qaynotam qarashib turishsa-da, ro‘zg‘orda yetishmovchiliklar bo‘laverdi. Otamning novvoyxonalarida ishlay boshladim. Ularga yordamlashib, kunlik ish haqi va non, oziq-ovqatlar olib kela boshladim. Erim avvaliga xijolat bo‘ldi. Lekin keyin uyalmay qo‘ydi.