Anqaradagi prezident saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali topshirish marosimida konveyerdan yangi chiqqan TOGG T10X — C-sinfidagi krossoverning ikki xil rangdagisi — qizil va to‘q ko‘k tuslisi taqdim etildi. Qizil tuslisi Turkiyaning birinchi xonimi Amina Erdo‘g‘anga atalgan.

Foto: twitter.com/RTErdogan

Turkiya prezidenti «Anado‘lu» deb ataluvchi qizil tusdagi avtomobilni boshqarib ko‘rdi. Biroq o‘zi bundan buyon to‘q ko‘k tusli mashinani boshqarishini ta’kidladi.

«Bugun biz xalqimizning 60 yillik orzusi ro‘yobga chiqqanining guvohi bo‘ldik. TOGG rekordlarni urdi va u bizning o‘z avtomobilimiz», – degan Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an ushbu avtomobillar qardosh Ozarboyjon va O‘zbekiston prezidentlariga ham yetkazilishini aytgan.

«Aliyevga allaqachon yetkazildi. Bugun uni topshirishadi. Uning rangi Anado‘lu (qizil) edi. Chunki Ilhom Aliyev shunaqasidan xohladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham yuboriladi», — degan Erdo‘g‘an.

2022 yilning oktyabrida Bursa viloyatidagi Gemlik shahrida turk elektromobillarini ishlab chiqaruvchi zavod elektromobillarni seriyali ishlab chiqarishni boshlagan edi va unda shaxsan Erdo‘g‘anning o‘zi ishtirok etgan edi. Kelgusida ushbu zavodda elektromobillarning 5 ta versiyasi 6 xil rangda ishlab chiqariladi.

Hozircha ikkita model ishlab chiqarilishi boshlangan: bular — TOGG T10X SUV C sinfidagi yo‘ltanlamas mashina va TOGG T10S sedani. 13 yil davomida loyihaga 3,7 milliard dollar investitsiya yotqiziladi. Shuningdek, elektromobilning ikkinchi versiyasi — sedan joriy yilning oktyabr oyida taqdim etilishi aytilmoqda