Jahon | 16:57 / 05.04.2023
18364
3 daqiqa o‘qiladi

Qodirov Moskvada masjid qurilishiga qarshi miting ishtirokchilarini frontga yuborishni taklif qildi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Moskva sharqida masjid qurilishiga qarshi o‘tkazilayotgan mitingni «provokatsiya» deb atadi. U bu haqdagi xabarni telegram-kanaliga joylashtirgan.

Qodirovning fikricha, aksiya ishtirokchilari «g‘arb manfaatlari yo‘lida harakat qilmoqda» va «bir mamlakat fuqarolari o‘rtasida bo‘linish keltirib chiqarish»ga harakat qilmoqda.

«Agar bu miting ishtirokchilari chin yurakdan va chin dildan rus yerlarini himoya qilish g‘oyasi bilan chiqqan bo‘lishsa, unda avtomat ko‘tarib okoplarga borsin! Har kuni himoya qilishimiz kerak bo‘lgan rus zaminining oldingi chiziqdagi bepoyon kengliklarini ko‘z bilan qamrab olib bo‘lmaydi. Avtomatni qo‘lga oling, bugun Rossiya Donbassida sizning o‘rningizga jang qilayotgan musulmonning o‘rniga borib o‘z vatanparvarligingizni ko‘rsating, vatanni qanchalik sevishingizni so‘z yoki provokatsiyalar o‘rniga amalda namoyish eting», degan u.

Qodirov, shuningdek, har qanday vaziyatni «hamisha diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkin» bo‘lgani holda hozirda masjid bilan bog‘liq mavzuni «qasddan va faol chayqatish» boshlanganini qayd etgan.

  • Moskva sharqidagi Kosino-Uxtomskiy rayoni aholisi fevral oyi boshlaridan ularning rayonida masjid qurilishiga qarshiligini bildirib «progulka»ga chiqa boshladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ular transport kollapsi, migrantlar oqimi va jinoyatchilik o‘sishidan xavotirda. Shuningdek, aholiga masjid provaslavlar ibodatxonasi ro‘parasiga qurilishi yoqmayapti.
  • Moskva hukumati ushbu hududdagi qariyb 10 gektar yer maydoni «diniy ma’naviy-ma’rifiy markaz» qurish uchun ijaraga olinganini rasman tasdiqlagan. Shu bilan birga obekt pasportida qurilish bo‘layotgan maydonda «transport-peresadka uzeli» qurilishi ko‘rsatilgan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid