Jahon | 09:46 / 06.04.2023
7012
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Xitoyni Rossiya bilan aloqalardagi tarixiy xato haqida ogohlantirdi

Pekinning Moskvani qurollar bilan ta’minlashi og‘ir oqibatlarga olib keladigan katta xato bo‘ladi, dedi NATO bosh kotibi. Shu bilan birga, u alyans Xitoy tomonidan Rossiyaga bunday yordam ko‘rsatilganini tasdiqlay olmasligini ta’kidladi.

Foto: Reuters

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 5 aprel, chorshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoyning Rossiyani har qanday qurollar bilan ta’minlashi «jiddiy oqibatlarga olib keladigan tarixiy xato» bo‘lishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar, jumladan, «ularning eng kattasi» Pekinga bunday harakatning oqibatlari keng qamrovli bo‘lishini bildirgan. «Xitoy bu haqda biladi», deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, Shimoliy Atlantika alyansi Xitoy tomonidan Rossiyaga qandaydir qurollar yetkazib berilganini hali tasdiqlay olmaydi, dedi Stoltenberg. «Ammo biz buni diqqat bilan kuzatib boryapmiz va bu katta xato bo‘lishini ham aniq bildirmoqdamiz», dedi NATO bosh kotibi.

«Biz aniq biladigan narsa shuki, Xitoy Rossiyaning Ukrainaga shafqatsizlarcha bostirib kirishini qoralay olmadi. Shuningdek, Pekin va Moskva tobora yaqinlashib borayotganini bilamiz, - dedi Stoltenberg. - Biz Xitoy Rossiya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlayotganidan ham xabardormiz».

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishidan bir necha hafta oldin Rossiya va Xitoy cheksiz hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, dedi NATO bosh kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Pekinga, jumladan, savdo aloqalarida ham, G‘arbning iqtisodiy sanksiyalari tufayli tobora ko‘proq qaram bo‘lib bormoqda. Xitoy nafaqat Rossiya agressiyasini qoralashdan bosh tortyapti, balki Rossiya tashviqotini ham tarqatyapti, dedi alyans rahbari.

Mavzuga oid