2023 yil 5 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq aholi xonadonlariga kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolardan birida mahalliy aholi vakillari mashinada ayiqni bosib o‘tmoqchi bo‘lgani va jonivorni urib yuborgani aks etgan. Boshqa videolarda esa ayiq omborga kirib olgani va uy hayvonlaridan uzoqlashib, bir burchakda yashirinishga harakat qilganini ko‘rish mumkin.
Tabiat resurslari vazirligi 5 aprel kuni ayiq Chiroqchi tumani «Yashnabod» MFY Beshchashma hududidan oqib o‘tuvchi Qumdaryo daryosiga yaqin hududdagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgani haqida xabar berdi.
«Ushbu hudud Tabiat resurslari vazirligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va Chiroqchi tumani hokimligi mutasaddilari, IIB, Milliy gvardiya va FVB xodimlari tomonidan muhofazaga olinib, aholi va qo‘ng‘ir ayiqning xavfsizligi ta’minlanmoqda. Mazkur hududga vaziyatni bartaraf etish maqsadida Toshkent hayvonot bog‘i mutaxassislaridan iborat guruh jalb qilingan», deyildi munosabatda.

Oradan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ayiqning odamlar tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabarlar chiqdi.
Bugun, 6 aprel kuni Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati bergan munosabatda ayiqning o‘limi tasdiqlandi.
Unda yozilishicha, aholi xavfsizligini ta’minlash uchun Chiroqchi tuman IIB boshlig‘ining ko‘rsatmasi bilan qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirilgan.
«Shu kuni taxminan soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan. Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A. B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovchi D.A. ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. Natijada ayiqning joni uzilgan»










