Xitoy Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llamaydi va Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatmaydi. Shuningdek, Qrim hamda Donbassni Rossiyaniki deb tan olmaydi. Bu haqda Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Fu Sun AQShning The New York Times nashri bilan suhbatda aytdi.

E’tiborlisi, Amerika nashri bilan suhbatdan avval Xitoyning YeIdagi vakili Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen hamda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashgan. Makron va Lyayyen esa bugun 5 aprel kuni Xitoyga bordi. Ular Si Jinping bilan Ukrainadagi urushni tezroq to‘xtatish masalasini muhokama qilmoqchi.

Amerika nashrida yozilishicha, xitoylik diplomat suhbat davomida Moskva bilan munosabatlar haqida gapirishdan «qochgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, tanqidchilar Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni noto‘g‘ri talqin qilgan.

Chegarasiz do‘stlik yo‘qmi?

Intervyu davomida Fu Sun Rossiya hamda Xitoyning «chegarasiz do‘stlik» haqida bayonotiga izoh berar ekan, «Chegarasiz do‘stlik deyish ritorikadan (quruq rasmiyatchilik) boshqa narsa emas»ligini aytdi.

Rossiya va Xitoy «chegarasiz do‘stlik» mazmunida bayonot berganmidi? Ha, shunga yaqin gap bo‘lgan. Si Jinping Moskvada Putin bilan uchrashganidan keyin Kreml saytida ikki tomonning qo‘shma bayonoti e’lon qilingandi. Unda xususan shunday deyiladi: «Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarida chegara yo‘q, hamkorlikda cheklangan hududlar yo‘q, ikki tomonning strategik munosabatlarini mustahkamlash uchinchi tomonga qaratilmagan».

Xitoy vakilining aytishicha, mamlakat Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamagan, chunki Moskvaning go‘yoki «NATOga qarshi mudofaa jangi olib borayotgani»ni tushunish bilan qabul qilgan. «Mojaroning haqiqiy sabablari G‘arb yetakchilari aytayotganidan murakkabroq», degan Fu Sun.

Kreml Xitoyning YeIdagi elchisi bergan bayonotni izohlar ekan bu borada Putin va Si Jinping o‘rtasidagi Moskvada o‘tgan uchrashuv mazmuniga e’tibor qaratish o‘rinli bo‘lishini bildirgan.

«Tomonlar bir-birini qay darajada tushunishi Rossiya – Xitoy muzokaralari yakunida imzolangan ikki hujjatda o‘z aksini topgan. Bu hujjatlar juda ehtiyotkorlik bilan tuzilgan va aynan ular bu boradagi barcha savollarga javob bo‘la oladi», dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.