«Rossiyani insofga keltirish va barchani muzokaralar stoliga qaytarish uchun sizga ishonishim mumkinligini bilaman», degan Makron Si Jinpingga.
Bunga javoban Xitoy rahbari tomonlar imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralari o‘tkazishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Fransiyada dunyo tinchligini himoya qilish uchun «imkoniyat ham, mas’uliyat ham» bor.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi inqiroz yirik jahon kuchlarining bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bloklarga bo‘linib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
6 aprel kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yana bir bor Ukrainadagi vaziyat «tinch yo‘l bilan kelishuvga erishish istiqbolini ko‘rsatmayotgani»ni aytdi.
«Kiyev Ukraina qurolli kuchlari jangovar harakatlar paytida Qrim yarimoroli chegaralariga yetib borsagina, Moskva bilan Qrim borasida muzokaralar o‘tkazishga tayyor bo‘ladi», degan Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Andrey Sibi Financial Times gazetasiga.
Makron 4 aprel kuni Pekinga keldi va keyingi kuni uning Xitoy rahbariyati bilan muzokaralarda ishtirok etishga taklifiga binoan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham Makronga qo‘shildi.
Makronning Xitoyga safari diqqat bilan kuzatilmoqda, chunki Pekin va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi bir necha yil ichida barqaror ravishda yomonlashdi. Xitoy, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini bevosita qoralashdan bosh tortdi.
Bundan tashqari, Makron Xitoy bilan savdo aloqalarini mustahkamlashga ham intilmoqda: u Pekinga o‘zi bilan biznes vakillaridan iborat katta delegatsiyani olib kelgan.
Tinchlik rejasi va yadro quroli
6 aprel kuni tushdan keyin, Makron Si Jinping bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazishdan oldin Pekindagi dabdabali harbiy paradni tomosha qildi. Xitoy va Fransiya rasmiylari suhbatni «ochiq» va «do‘stona» deb ta’rifladi.

Muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Si Jinping Ukrainadagi urush haqida gapirib, Xitoy tinchlik muzokaralari tarafdori ekani va mojaroga siyosiy yechim izlayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan «ratsional vazminlik» ko‘rsatishga chaqirdi.

















