O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunni imzoladi.
Qonun mualliflari Kun.uz'ga undagi asosiy yangiliklar va bu o‘zgarishlarning muhimligi haqidagi sharhni taqdim etdi.
Bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni ortib bormoqda.
Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 2019 yilda 99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 153 nafar, 2021 yilda 216 nafar, 2022 yilda 238 nafarni tashkil etgan.
14 yoshga to‘lmagan bola bilan zo‘rlik ishlatib, jinsiy aloqaga kirishish jinoyatini sodir etganlar soni esa 2019 yilda 52 nafar, 2020 yilda 35 nafar, 2021 yilda 57 nafar, 2022 yilda esa 73 nafarni tashkil etgan.
Amaldagi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan uning roziligi asosida jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganini bahona qilib, yengilroq modda bilan javobgarlikka tortilishi mumkin edi.
Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan-bilmaganidan qat’i nazar jinoiy jazoga tortiladi. Ya’ni 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Yangi qonun bilan, jinsiy jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari uncha og‘ir bo‘lmagan turdagi jinoyatlar, og‘ir jinoyatlar turkumiga, og‘ir jinoyatlar esa o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.
Bolalarning jinsiy erkinliklariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilib, ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.






