Jahon | 14:15 / 18.04.2023
11794
2 daqiqa o‘qiladi

«GUR» rahbari: Ukrainalik asirni qatl qilgan shaxsni aniqladik

Ukraina razvedkasi ukrainalik asirni qatl qilgani videoda ko‘rsatilgan rossiyalik askarning ismini biladi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi («GUR») boshlig‘i Kirill Budanov Radio NV’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

Kirill Budanov

«U kimligini – biz bilamiz», — dedi u va jinoyatni sodir etgan shaxs, xususan, hozir qayerda ekanligi haqida ma’lumot bera olmasligini ta’kidladi, deb yozadi «Ukrainskiye novosti». 

Budanovning so‘zlariga ko‘ra, bunday jinoyatlarning faqat alohida holatlari ma’lum.

Gulagu.net inson huquqlari loyihasi asoschisi Vladimir Osechkinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi ukrainalik harbiy asir ekanligi taxmin qilinayotgan shaxsning videotasvirga olingan qatlida ishtirok etgan. 

Osechkin, uning so‘zlariga ko‘ra, Norvegiyaga qochib ketgan sobiq «vagnerchi» Andrey Medvedev bilan bog‘langan va u videoda o‘z xizmatdoshlarini aniqlagan. 

«U o‘sha yerdagi xizmatdoshlarini, «Vagner» XHK jangchilarini o‘ziga xos chaqiruv belgilari, gaplashish usuli, ratsiya orqali muloqot qilishda ovozidan aniqladi», dedi Gulagu.net asoschisi «Xodorkovskiy Live» Youtube kanali efirida.

Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») 12 aprel kuni internetda rossiyalik harbiylar ukrainalik asir ekani aytilayotgan shaxsni o‘ldirayotgani aks etgan video e’lon qilingani bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini bildirdi. «SBU»ning aniqlik kiritishicha, tergov Ukraina Jinoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi (Urush olib borish qonunlari va odatlarini buzish) asosida olib borilmoqda.

11 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki rus askarlari ukrainalik askarni shafqatsizlarcha o‘ldirgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Video Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlovchi Rossiya Telegram-kanallarida va Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida tarqaldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid