Jahon | 09:14 / 20.04.2023
10124
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kemalari Shimoliy Yevropa suvlarida josuslik qilmoqda - OAV

RF tadqiqot kemalari Shimoliy Yevropa mintaqasidagi muhim infratuzilma bo‘yicha josuslik qilyapti. Skandinaviya ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, shamol stansiyalari, gaz quvurlari va internet kabellari ularni qiziqtiradi.

Foto: PA

Rossiya tadqiqot kemalari yordamida Skandinaviya mamlakatlari suvlaridagi muhim infratuzilma bo‘yicha josuslik qilmoqda. Rossiya harbiy dasturi maqsadi - Shvetsiya, Daniya, Norvegiya va Finlandiya hududida dengiz shamol stansiyalari, shuningdek, gaz quvurlari, elektr va internet kabellari pozitsiyalarini aniqlash, deb xabar berdi 19 aprel, chorshanba kuni SVT, NRK, DR hamda Yle Skandinaviya radiostansiyalarining tadqiqotchi jurnalistlari.

Umuman olganda, jurnalistlar so‘nggi o‘n yil ichida shubhali harakatlarni amalga oshirgan 50 ga yaqin kemani aniqladilar. Ular tadqiqot va yuk kemalari, baliq ovlash traulerlari va yaxtalardir.

O‘tgan yil sentabr oyi oxirida Boltiq dengizidagi Daniyaning Bornholm oroli yaqinida «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlari portlatib yuborilgan edi. Bu quvurlarning to‘rtta qismida gaz sizib chiqishiga sabab bo‘lgan. Rasmiylar portlashlarni qo‘poruvchilik natijasi deb hisoblamoqda. Daniya, Shvetsiya va Germaniya rasmiylari tomonidan olib borilgan tekshiruvlarga qaramay, bu portlashlar uchun kim javobgar ekanligi haligacha noma’lum.

SVT, NRK, DR va Yle jurnalistlari «Yashirin urush» qo‘shma surishtiruvida Rossiya kemalari Shimoliy Yevropa mamlakatlari suvlariga muntazam ravishda kirib borishini ta’kidladi. Shu bilan birga, shubha uyg‘otgan kemalar radarga tushmaslik uchun transponderlar bilan o‘chirilgan.

Mavzuga oid