Jahon | 09:41 / 22.04.2023
7096
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh ukrainalik harbiylarni Abrams tanklarida tayyorlashni boshlaydi

Ukrainaliklar Germaniyada o‘qitiladigan tanklar Kiyevga berilmaydi. AQSh frontga yuboriladigan mashinalarni kuzgacha yetkazib berish niyatida.

Foto: U.S. Army/ZUMA/picture alliance

AQSh yaqin haftalarda ukrainalik harbiylarni Abrams tanklaridan qanday foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitishni boshlaydi, deb xabar berdi AP 21 aprel, juma kuni rasmiylarga tayanib. Bu haqdagi qaror shu kuni Germaniyadagi Ramshtayn aviabazasida bo‘lib o‘tgan G‘arb mudofaa vazirlarining yig‘ilishida qabul qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 31 ta Abrams tanki may oyi oxirida Germaniyadagi Grafenvyor poligoniga keladi va bir necha haftadan so‘ng Ukraina harbiylari mashg‘ulotlarni boshlaydi, deb yozadi AP. O‘qitish taxminan 10 hafta davom etadi. Unda 250 ga yaqin ukrainalik harbiy xizmatchilar ishtirok etadi, ularning bir qismi tanklarni boshqarish, bir qismi esa ularni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tayyorlanadi.

Shu bilan birga, o‘quv tanklari jangovar harakatlarda foydalanish uchun Ukrainaga berilmaydi. Buning o‘rniga AQSh Ukrainaga M1A1 tanklarini yuboradi, ular hozirda modernizatsiya qilinmoqda.

Hammasi bo‘lib, 21 aprel holatiga ko‘ra, AQSh allaqachon jang maydoniga qaytgan 8800 nafar ukrainalik askarni tayyorlab berdi. Hozirda yana 2500 ga yaqin askar mashg‘ulotlar olib bormoqda, deb yozadi AP. Ular G‘arb qurollari bilan ishlash, urush olib borish, texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mashqlarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid