65-70 yoshdagi otaxonlar 27 fevral kuni Andijon viloyatining Qorasuv shahridan umra ziyoratini bajarish uchun velosipedda yo‘lga chiqishgandi. MY telekanalida efirga uzatilgan videolavhada ular 10 aprelgacha Madinaga yetib borishgani hikoya qilinadi.

 “Shu yoshimizda, mana, 65-70 yoshga kirgan ekanmiz, Alloh o‘zi kuch-quvvat berdi, madad berdi. Emon-omon Madinaga kelib oldik”, deydi yaqinlariga videoxabar yuborgan keksa ziyoratchilardan biri.

Telekanalda, shuningdek, Qirg‘izistonning O‘sh shahridan Makkaga velosipedda yo‘lga chiqqan otaxon 22 kunda Makkaga yetib borgani, yo‘lda u avtomobil xizmatidan ham foydalangani haqida xabar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada qahramonning ismi keltirilmaydi.

“27 mart kuni yo‘lga chiqqanman. Yo‘lda mashinaga ham chiqdim, chunki faqat velosiped bilan bu yergacha yetib kelish qiyin.

O‘g‘lim Moskvada ishlaydi. Yaxshi velosiped olib jo‘natvorgin, deb pulini bervorgandim. Jo‘natvordi”, deydi ziyoratchi.

O‘zi bilan velosiped ehtiyot qismlari va birozgina pul olib, tavakkal bilan yo‘lga chiqqan qariya Qoraqalpog‘istongacha borib, Turkmaniston orqali safarini davom ettirmoqchi bo‘ladi. Biroq ushbu mamlakatga uni vizasiz kiritishmaydi. Shundan so‘ng u Qozog‘iston orqali, so‘ng boshqa davlatlar orqali Ozarboyjon, Turkiya, Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari orqali Saudiya Arabistoniga kirib borgan.

Foto: BBC UZBEK

“Yo‘lda kelarkanman, shahardan shaharga borishda yo‘lda zog‘ uchmaydi. Parvardigordan: “Menga sherik yo‘q, sherigim O‘zingsan. Yo‘lda meni qiynab qo‘yma”, deb so‘rab, duo qilib kelaverdim.

Yo‘lda yaxshi odamlar uchrab, ularning ko‘magi bilan Makkagacha yetib keldim”, deydi otaxon.

63 yoshda uchinchi bor Saudiya Arabistoniga kelgan erkak ikki oy Makkada qolib, haj ziyoratini ham ado etib, keyin ortga qaytish niyatida ekanini bildirgan.