Jahon | 15:14 / 24.04.2023
11502
2 daqiqa o‘qiladi

Japarov 9 may kuni Rossiyaga borishni rejalashtirayotgan yagona xorijiy davlat rahbari bo‘ladi

Foto: RIA Novosti

Rossiyaning bir qator hududlarida 2023 yil 9 may - G‘alaba kuni sharafiga paraddan voz kechishga qaror qilindi. Moskva va boshqa shaharlarda «O‘lmas polk» marshi ham o‘tkazilmaydi.

Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov G‘alaba kuni munosabati bilan Moskvada o‘tkaziladigan bayram tadbirlariga tashrif buyurishi kutilmoqda, u yagona xorijiy davlat rahbari sifatida kelishi mumkin, deb yozadi «Vedomosti» diplomatik manba va prezident ma’muriyatiga yaqin suhbatdoshga tayanib.

Japarovni Rossiyaga G‘alaba kunini nishonlash uchun mart oyi oxirida hukumatdagi xalqaro munosabatlarni nazorat qiluvchi Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk taklif qilgan. 

«Albatta, biz Qirg‘iziston ushbu g‘alabaga va Moskvani himoya qilishga qanday hissa qo‘shganini doim yodda saqlaymiz, bu biz uchun muqaddasdir», — dedi Overchuk tashrif haqida e’lon qilar ekan. 

«Vedomosti» manbalariga ko‘ra, shu kunlarda amalga oshiriladigan tashrif nafaqat tantanali tadbirlarda qatnashish, balki Putin va Japarov o‘rtasidagi muzokaralarni ham o‘z ichiga oladi. 

2022 yilda G‘alaba kunini nishonlash uchun birorta ham xorijiy davlat rahbari Moskvaga kelmagandi. Kreml buni chet ellik rahbarlarni taklif qilmagani bilan izohlagan. 

Rossiyaning bir qator mintaqalarida 2023 yil 9 may kuni «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» G‘alaba kuni sharafiga paradni o‘tkazmaslikka qaror qilishdi. Moskva va boshqa shaharlarda «O‘lmas polk» marshi ham bo‘lmaydi.

Mavzuga oid