Jahon ommaviy axborot vositalari Tayvan bo‘g‘ozida yaqin orada urush boshlanishi mumkinligini yana muhokama qilmoqda. Tayvan yetakchisi Say Yingvenning AQShda «texnik to‘xtash» bilan amalga oshirilgan Markaziy Amerika mamlakatlariga sayohatiga Xitoy armiyasi Tayvan oroli atrofida keng ko‘lamli harbiy o‘quv-mashqlari o‘tkazish bilan javob berdi. Xitoy 2022 yilda AQSh Kongressi Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Nensi Pelosining Taypeyga tashrifiga ham xuddi shu tarzda munosabat bildirgandi. Jahondagi yana bir qarama-qarshilik ham keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinmi va Tayvan xavfsizligi masalasi nega butun dunyo uchun muhim? Meduza shu savollarga javob izladi.

O‘zi nima bo‘ldi?

2023 yil aprel oyi boshida Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari uch kunlik «Birlashgan o‘tkir qilich» harbiy o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Xitoy armiyasi mashg‘ulotlari desant tashlash, dengiz va quruqlikda otish amaliyoti, shuningdek, Tayvanning shimoliy, sharqiy va janubiy hududlaridagi suvlarda jangovar navbatchilik qilish rejalarini o‘z ichiga olgan.

Mashg‘ulot doirasida Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Harbiy-havo kuchlariga tegishli 71 ta qiruvchi va bombardimonchi samolyot Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi norasmiy chegara o‘tuvchi Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini kesib o‘tdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, 2022 yil 26 dekabrida ham Tayvan havo mudofaasi ishlovchi zonaga xuddi shuncha miqdordagi Xitoy harbiy samolyotlari kirgandi.

Xitoy harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu manyovrlar Pekinning Tayvan mustaqilligi amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatidan dalolat beradi. Xitoy mashg‘ulotlari boshlanishiga Tayvan ma’muriyati rahbari Say Yingvenning Kaliforniyada AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti bilan uchrashishi sabab bo‘ldi. Hozirgacha Tayvanning hech bir rahbari AQSh parlament palatasi rahbari bilan Amerika yerlarida muzokara o‘tkazmagandi.

Tayvan yetakchisi nega AQShga bordi?

Makkarti va Say Yingven o‘rtasidagi uchrashuv Tayvan rahbarining rasmiy safar dasturida bo‘lmagan. 29 mart kuni Tayvan rahbari orolning Markaziy Amerikadagi diplomatik ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarga o‘z turnesini boshladi. «Umumiy farovonlik uchun demokratik hamkorlik» shiori ostidagi ushbu sayohat Gvatemala va Belizga davlat tashriflarini amalga oshirishni ko‘zda tutgandi. Bundan tashqari, o‘n kunlik safarning besh kuni AQShdagi «tranzit to‘xtash joylari» — Nyu-York va Los-Anjyelesda o‘tkazildi. Say Yingven Taypeydan ketgunga qadar Tayvan Tashqi ishlar vazirligi mamlakat yetakchisi AQSh rasmiylari bilan uchrashishi mumkinligini ma’lum qilmagan.