Insonlar ruhiy buzilişlardan aziyat çekadigan bir davrda “Jon” xalqi bir qultum suv va bir burda nongagina muhtoj ekani sizni hayrat ostonasidan olib ötişi muqarrar. Insoniyat paydo bölgan dastlabki davrlarda ham ilk ehtiyoj bu ovqat yoki uning örnini bosa oladigan biror yemiş edi. Keyingisi — ayş. Andrey Platonov garçi bir asr oldingi hayotini tasvirlasa ham “Jon” qavmining “yaşaş” tarzini öqiganingizda bugun depressiyadan, turli xil asabbuzarliklar, tuşkunliklardan tinka madori qurigan odam avlodlarining allaqaysi ajdodining bor-yöq dardi faqat yemiş bölganini anglaysiz.

Umuman qaçon inson “boşqaça” qayğular haqida, qayğuni his qilişi mumkin bölgan qalb haqida, botiniy dunyosi, ruhiy olami haqida öylaşi mumkin? Qaçonki moddiy olamini nisbatan töla-tökis butlaganida, jismi talab qilişi mumkin bölgan ehtiyojlarni qondira olganda. “Jon” xalqi bölsa asar nihoyasiga boribgina özini “qorin” ğamidan nisbatan ta’minlaşni örgandi. Asar qahramonlaridan bir Oydinni boşqaça oğriqlar iskanjasiga oldi, xalq hayvon dardi bilan yaşaşdan bezdi.

“Jon”ni öqiş orqali anglaysizki, birgina oçlik — kişining içidagi kibrini öldirib qolmay, insonlarni hayvondan battar yaşaş tarziga olib kelişi mumkin. Jon taşvişi sizni jondan bezişga, ruh jonini öldirişga majbur qilişi mumkin. Uyğoqlikda tuş körsatişi mumkin, faqat tundagi uyquda orom berişi mumkin. Asar mutolaasi nihoyasining eng yoqimli tomoni nima uçun kitobga bunday nom berilganini anglaş baxti bölsa kerak. Axir senga berilgan jumboqqa javob topasan; “Jon”dagilarning jismidagi urib turadigan bir parça etidan bölak heç vaqosi yöq. Birgina topgani şu jon, qiziği u ham omonat. Jon xalqidan bölgan erning xotinidan, ayolning esa erdan boşqa bisoti yöq. Közi yumuq yaşagan bandalarning yumuşi yeyiş bölgan keçmişi, yaşamişi bunça oğir bölmasa?

“Şöro hukumati serfarzand bevaga öxşaydi, taşlandiq va keraksiz hamma yesirlarni etagiga jamlab yuradi — yana bitta şörtumşuqni bağriga oliş çikora?” Sovet hokimiyati uçun asli yuz jon ham çiqmaydigan “Jon” elatini otaliqqa olişdan nima foyda? Holi zabun, mumsik bu elatni ma’lum jihatlardan ta’minlaş orqali butun sovet hokimiyati ostida birlaştirilgan xalq va elatlarga özining naqadar “xalqparvar” ekanini xöjakörsinga isbotlaşni, Örta Osiyoda yuritgan nomaqbul siyosatini xaspöslaşni istagan bölsa, ehtimol. Bitta qolmay qirilib ketsa ham mayli, ammo sovetlarga qarşi bölmasa bas.

Başariyat XXI asrning boşidan bugungi kunga qadar juda mislsiz yutuqlarga erişdi, dunyo tezlaşib borayotgan bunday paytda “Jon” asari biroz töxtaşga, bir asrgina ortga qarab, butun boşli harakatlar nima asosga qurilganini körişga undaydi. Yana şuni ilğaş mumkinki, faqat qorni töq, ijtimoiy muammolardan xoli bölgan insonlargina jamiyat haqida, ong-şuur, falsafa, siyosat, umuman öylaş haqida öylaşi mumkin. Yöqsa uning muammosi nafsidan ortmaydi.