Jahon | 17:14 / 26.04.2023
18382
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Si Jinping bilan telefon orqali muloqot qildi

Si Jinping Zelenskiyni Xitoy betarafligi va tinchlikni istashiga ishontirgan. Xitoy Ukrainaga Yevrosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakilini yuboradi.

Foto: CNN

XXR raisi Si Jinping Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda dastlab Xitoyning CGTN telekanali xabar berdi.

Bu Si va Zelenskiy o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon ilk telefon muloqoti bo‘ldi.

Zelenskiy ham tvitterida Xitoy yetakchisi bilan gaplashganini tasdiqlagan. «Men XXR raisi Si Jinping bilan uzoq va mazmunli telefon muloqoti o‘tkazdim. Ishonamanki, bu muloqot, shuningdek, Ukrainaning Xitoydagi elchisi tayinlanishi bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz rivoji uchun kuchli impuls beradi», — degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti bayonotidan kelib chiqadiki, u  Ukrainaning Pekindagi yangi elchisini tayinlagan. Bu lavozimni kim egallagani hozircha ma’lum emas. Oldingi elchi 2021 yilda vafot etgan, shundan keyin Ukraina ushbu mamlakatga o‘zining yangi vakilini yubormagandi.

Xitoy TIV matbuot kotibi Xua Chunying Xitoy Ukraina bilan ikki tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishga tayyorligini ta’kidlagan.

Shuningdek, muloqotdan keyin XXR raisi Si Jinping Xitoy Ukrainadagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha chuqur aloqa o‘rnatish uchun Ukraina va boshqa davlatlarga Yevrosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakilini yuborishini ma’lum qilgan.

Xitoyning CCTV davlat telekompaniya xabar berishicha, telefon muloqoti chog‘ida XXR raisi urushdan chiqishning yagona yo‘li – muzokaralar ekaniga urg‘u qaratgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinining bir yilligi munosabati bilan Xitoy TIV «Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha» 12 banddan iborat o‘z pozitsiyasini taqdim etgandi. Ular orasida — bir tomonlama sanksiyalar va sovuq urush mentalitetidan voz kechish ham bor edi. Volodimir Zelenskiy «bu Xitoyning tinchlik rejasi emasligi», balki Pekinning «fikrlari» ekanini aytgan, shu bilan birga Xitoy Ukraina haqida gapira boshlagani yaxshi alomat ekanini qayd etgandi.

Rasmiy Pekin Rossiya tajovuzi masalasida betaraf pozitsiya saqlab keladi, ammo G‘arb uni Rossiyaning ittifoqchisi deb hisoblaydi. Rossiya tomoni ham Pekin bilan yaqin aloqalarini ko‘z-ko‘z qiladi.

Xitoy nashrlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti bilan suhbatda Si Jinping uni Xitoy hamisha tinchlik tarafida bo‘lgani va shu pozitsiyada qolishiga ishontirgan.

Xitoy TIV rahbarining ma’lum qilishicha, telefon muloqoti o‘tkazilgani fakti ham Xitoy obektiv va xolis pozitsiya tanlagani hamda katta va nufuzli mamlakat sifatida o‘z mas’uliyatini his qilayotganini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid