General-polkovnik Mixail Mizinsev Rossiya mudofaa vazirining moddiy-texnik ta’minot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganidan yetti oy o‘tib ishdan ketgan. Bu haqda z-blogerlar va telegram-kanallar xabar tarqatdi. Mizinsevning iste’fosi haqida rasman e’lon qilinmagan.
Mizinsev lavozimidan ozod etilgani haqida dastlab VGTRK harbiy muxbiri Aleksandr Sladkov xabar berdi. U bu iste’fo sababini bilmasligini aytgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Mizinsev ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risidagi xabarga izoh berishdan bosh tortdi.
Mizinsev haqida nimalar ma’lum?
Mizinsev vazir o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilguniga qadar RF mudofaasini boshqarish milliy markaziga rahbarlik qilgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, aynan u uch oy davom etgan Mariupol qamaliga boshchilik qilgan, Ukraina hukumati baholariga ko‘ra, bu shahar uchun janglar vaqtida tinch aholi vakillaridan bir necha o‘n ming kishi halok bo‘lgan. G‘arb matbuotida general «Mariupol qassobi» laqabini olgan.
Shahardagi vayrongarchilik Suriyaning Halab shahri qamali oqibatlariga qiyoslanadi, bu shahar Rossiya bombardimonlaridan keyin xarobaga aylangan. Suriyadagi aviazarbalarga aynan Mizinsev rahbarlik qilgan va harbiy ekspertlar taxmin qilishicha, Mariupolda ham u bu tajribadan qisman foydalangan. 2022 yil martida Britaniya hukumati unga qarshi personal sanksiyalar kiritgandi.
RF Mizinsev shaharni egallashda ishtirok etganini rasman tasdiqlamagan, ayrim mustaqil ekspertlar ham Mariupolning vayron qilinishiga aynan u javobgar ekaniga shubha bildirgan.
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi tarqatgan audioyozuvda Mizinsev o‘z qo‘li ostidagilarni haqorat qilgani va ularni «butilkaga o‘tirg‘izish» bilan tahdid qilgani aks etgan.
Ta’minotdagi muammolar
Mudofaa vazirligi saytida aytilishicha, mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida Mizinsev rossiyalik harbiylarning moddiy-texnik ta’minotiga, shuningdek, qo‘shinlarni qurol va harbiy texnikalar bilan ta’minlashga javobgar bo‘lgan. 2022 yil sentabriga qadar Rossiyaning front orti ta’minotiga Dmitriy Bulgakov mas’ul bo‘lgandi.
















