Shanba kuni Ukrainaning 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Sevastopol shahrida joylashgan neft bazasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Anneksiya qilingan Qrimning Moskvadan tayinlangan rahbariyati Kazachya buxta mikrorayonida joylashgan omborga Ukraina dronlari hujumi amalga oshirilganini ma’lum qildi. Kiyevda esa bu ishni ukrainaliklar qilgani haqida gapirishmadi, ammo Qrimdagi harbiy obektlardan uzoqroq turishni tavsiya qilishdi.
Rossiya va Ukrainadagi Telegram-kanallar shanba kuni tong sahardan Qrimdagi yirik yong‘in haqida xabarlar e’lon qila boshlashdi. Keyinroq Sevastopoldagi favqulodda xizmatlar Kazachya buxtada yonilg‘i saqlanadigan 4 ta rezervuar yonayotganini tasdiqlab, yong‘in 2-3 ming kv.metr maydonni qamrab olganini bildirdi.
Neft omborida eng yuqori – to‘rtinchi darajali murakkablikdagi yong‘in sodir bo‘lgan. Uni bartaraf etish uchun Sevastopoldagi favqulodda vaziyatlar xizmatlarning barcha xodimlari jalb qilingan. Shuningdek, Qrimning boshqa hududlaridan yordamchi kuchlar chaqirilgan. Rossiya Qora dengiz flotidan ham yordam kelgan. Yong‘inni o‘chirish uchun 150 kishi 50 ta texnika bilan harakat qilgan.
Rossiyalik deputat Mixail Sheremet bu voqeani «odamlarni qo‘rqitishga qaratilgan» terakt deb atadi. Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbarlari yong‘in Ukraina dronlari hujumi oqibatida kelib chiqqanini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan, fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetmagan va odamlarni evakuatsiya qilish zarurati yuzaga kelmagan.
Qrimning Moskva tomonidan qo‘yilgan rahbari Sergey Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, Sevastopolga dronlar hujumi amalga oshirilgan vaqtda Qrim osmonida bitta dron to‘xtatilgan va yana bittasi urib tushirilgan.

Kiyevdagilar doimgidek bu ishga aloqasi borligi haqida ochiq bayonot bermay, buni «Umandagi o‘ldirilgan odamlar uchun Xudoning jazosi» deb atashdi.
«29 aprel kuni Sevastopolda Umanda o‘ldirilgan (xususan bolalar ham bo‘lgan) ukrainaliklar uchun Xudoning ruslarga jazosi o‘laroq portlash sodir bo‘ldi. Bu jazo hali uzoq davom etadi», dedi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka tashkiloti rahbari Andrey Yusov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida Rossiya Qora dengiz floti texnikalari uchun mo‘ljallangan 40 ming tonna neft mahsulotlari yonib ketgan.

















