Rossiya qo‘shini deyarli barcha yo‘nalishlarda yurishlarini to‘xtatgan. Katta ehtimol bilan bu qo‘mondonlik ukrainlarning qarshi hujumini kutayotgani va unga tayyorgarlik ko‘rayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, rossiyaliklarning hujumlari davom etayotgan ayrim uchastkalardagi voqealar agar Ukraina qurolli kuchlari o‘z yurishini kechiktirsa, nima ro‘y berishi mumkinligini ko‘rsatadi: bu uchastkalarda ukrain qo‘shinlari yo‘qotishlarga uchramoqda va Rossiya artilleriyasi hamda aviatsiyasining shiddatli bosimi ostida asta-sekin chekinishda davom etmoqda.

Baxmut

Baxmutda Ukrain qurolli kuchlari shaharning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalariga chekindi va ikki ta’minot yo‘lidan birini yo‘qotdi. Endilikda mudofaa kvartallarga emas, Ivanovskiy va Xromove o‘rtasidagi tepaliklarda joylashgan istehkomlarga tayanmoqda). Shaharning o‘zidagi ukrain harbiylari normal ta’minotdan mahrum bo‘lgan va kuniga yuz-ikki yuz metrdan ortga chekinib bormoqda. 

  • Aprel oyi oxirida Ukraina QK Baxmutning butun g‘arbiy hududlari, shuningdek shu atrofdagi harbiy qism binolaridan yuqorida joylashgan Tibbiyot kolleji binosi nazoratini boy bergandi.
  • Shimoldan hujum qilayotgan «Vagner» XHK yollanma jangchilari xususiy qurilishlar orqali bir masofaga ilgarilab, Yubileynaya ko‘chasiga yetib kelishdi - bu ko‘cha orqali g‘arbdagi kvartallar ta’minoti amalga oshirilayotgandi. Yubileyneyadan Ivanovskiy va Xromove oralig‘idagi tepaliklarga olib o‘tuvchi bir necha chiqish yo‘llari mavjud. Baxmutdagi garnizonga endi shu tuproq yo‘llar orqali ta’minot yetkazib berilmoqda.
  • Xuddi shu yo‘llar orqali Baxmutdan janubi-g‘arbdagi chiqish hududini (Chaykovskiy ko‘chasi bo‘ylab) nazorat qilayotgan bo‘linma ta’minoti ham amalga oshiriladi. Yubileynaya va Chaykovskiy chorrahasi aprel oyining so‘nggi kunlarida «Vagner» XHK tomonidan egallangan, natijada Ukraina QKning ikki guruhi — g‘arbiy kvartallardagi va janubi-g‘arbiy chiqishdagi bo‘linmalar — shaharning o‘zida bir-biri bilan aloqani yo‘qotgan. Ammo ular Ivanovskiy va Xromove o‘rtasidagi hudud orqali o‘zaro hamkorlikda harakat qilishi mumkin. 
  • Agar janubi-g‘arbiy chiqishda Chaykovskiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylar ham egallanadigan bo‘lsa, bu ta’minot va o‘zaro aloqa bo‘yicha vaziyatni jiddiy darajada og‘irlashtiradi: yuqori qavatlardan Baxmutga olib keluvchi barcha tuproqli yo‘llar yaqqol ko‘rinib turadi. Shahar ichidagi janglar amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, «Vagner» XHK baland binolarni egallaganida ularning tomiga darhol kuzatuv punktlari va tankka qarshi raketa komplekslari o‘rnatmoqda va bu ta’minotni deyarli imkonsiz qilib qo‘ymoqda.
  • Xromove o‘tuvchi yo‘l (avval ta’minotning asosiy qismi shu yo‘l orqali olib kelinardi) bir necha hafta davom etgan janglardan keyin «Vagner» XHK tomonidan kesib qo‘yildi. Bungacha yo‘lni shimoldan turib o‘qqa tutib kelgan yollanma jangchilar endi yo‘lning o‘ziga chiqishgan va yo‘l bo‘yida avval ukrain harbiylariga tegishli bo‘lgan okoplarda o‘rnashishgan. Ammo ularda yo‘lning bu tomoniga o‘tish va janubga, Ivanovskiy tomon ilgarilab, Ukraina qurolli kuchlari ixtiyorida qolgan oxirgi tuproq yo‘llarni ham to‘sib qo‘yish uchun kuchlar yetarli emas. Hududning sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlari ko‘rsatishicha, ukrain qo‘shini so‘nggi haftalar davomida Xromove va Ivanovskiy oralig‘idagi hududda o‘nlab kilometrlik okoplar qazishgan. Bu uchastkada Ukraina qurolli kuchlari tanklari ham ishlamoqda .