26 aprel kuni BMT Bosh assambleyasi BMT va Yevropa Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi. Hujjat matnidagi jumlalardan birida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari agressiya deb atalgan.
Rezolyutsiyani Rossiya o‘ziga “do‘st” deb biluvchi davlatlardan Qozog‘iston, Xitoy, Turkiya, Armaniston va Braziliya ham ma’qullab ovoz berdi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana 15 mamlakat betaraf qoldi.
Kun.uz muxbiri siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan shu masalalarda suhbatlashdi.

— Qozog‘istonning bunday pozitsiyasi nimadan darak beradi?
— Qozog‘istonning bunday pozitsiyani bildirishi katta o‘zgarish va ko‘p ma’noni anglatadi. Avvalambor, BMTda qo‘yilgan savolga qarash kerak, uni bir nechta pozitsiyada talqin qilish mumkin. BMT va Yevropa Kengashi hamkorligi muhimmi, degan savolning ichidagi bandlardan biri Rossiyani tajovuzkor davlat sifatida ayblaydi. Urush boshlangandan beri Markaziy Osiyo davlatlari urushga oid masalalardagi rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etmagan yoki betaraf qolgan. Rossiya mintaqamiz uchun muhim iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Shunday vaziyatda Rossiya bilan konfliktga kirishmaslik uchun Markaziy Osiyo davlatlari betaraflik pozitsiyasini tanlagan. Lekin betaraf degani befarq deganimas. Rossiyaning Ukrainaga bosqini Markaziy Osiyo davlatlarini kuchli xavotirga soladi, aslida.
Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham shu paytgacha ovoz berish jarayonida betaraf bo‘ldi. Faqat BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida Rossiya qolishi kerakmi, degan savolga “ha” deb javob berdi. Qozog‘iston birinchi marta Rossiyani agressiyada ayblovchi ovoz berishda tasdiq javob berdi. Bu bilan Qozog‘iston Rossiyaga o‘z e’tirozini bildirmoqda.
Rossiyada Qozog‘istonning bir qismini o‘zlashtirish taklif etildi, To‘qayev javob qaytardi
Bundan tashqari, Rossiyaning yaqin hamkorlari bo‘lgan XXR, Hindiston, Turkiya kabi davlatlar ham Rossiyaga qarshi ovoz bergan. Endi bu vaziyatda Rossiyaga qarata “Biz senga qarshi ovoz bermadik, balki BMT va Yevropa Kengashi hamkorligi uchun ovoz berdik” deyishlari mumkin. Rostdan ham bu hamkorlik muhim.


















