Sport | 11:49 / 07.05.2023
40901
2 daqiqa o‘qiladi

Viktor Jalilov vafot etdi

U o‘z vaqtida «Navbahor» va «Paxtakor» klublari bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgandi.

Foto: Getty Images

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida qator klublarga ustozlik qilgan mutaxassis Viktor Jalilov  71 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«Taniqli futbol mutaxassisi Viktor Jalilovning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildiramiz», deyilgan xabarda.

Viktor Jalilov 1952 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini «Paxtakor» va «Tekstilchi» (Namangan) klublarida o‘tkazgan.

Murabbiylik faoliyatini «Sohibkor» klubida boshlagan, keyinroq Toshkent viloyatining «Politotdel» klubida ishlagan. 1995-1997 yillarda Namanganning «Navbahor» klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan va ushbu jamoaga tarixdagi birinchi va hozirgacha yagona bo‘lib qolayotgan chempionlikni olib kelgan. 

U 2002 yilda «Paxtakor» klubi bilan ham O‘zbekiston chempioniga aylangan. Bundan tashqari, turli jamoalar bilan uch bor kumush medal, to‘rt bor bronza medallarni qo‘lga kiritgan, O‘zbekiston kubogi uchun turnirlarda to‘rt bor g‘olib chiqqan. Uch marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Murabbiylik faoliyati davomida Qashqadaryo viloyatining «Mash’al» va Samarqand viloyatining «Dinamo» klublarida ham ishlagan, 2015 yilda O‘zbekiston U-22 jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan.

Uning so‘nggi ish joyi «Navbahor» klubi bo‘lgandi. U so‘nggi yillarda Namangan klubida bosh murabbiy, 2022 yildan maslahatchi murabbiy sifatida Samvel Babayanga yordam berib kelayotgandi.

Mavzuga oid