Putinning sobiq oshpazi va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin va Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyati o‘rtasida yuzaga kelgan muammo Rossiya rahbariyatida jiddiy xavotir uyg‘otgan. Bu haqda «Meduza» mustaqil nashrining Kremlga yaqin ikki manbasi ma’lum qilgan.

Prigojin «Vagner» urushga qo‘shilganidan buyon mudofaa vazirligi manziliga keskin tanqidlar yog‘dirib keladi, may oyi boshida esa bu tanqidlar tahdidga va haqoratga aylandi. 5 may kuni Prigojin guruh Baxmutda bosqinni davom ettirishi uchun qo‘shimcha o‘q-dori berishlarini talab qildi va aks holda «Vagner»ni shahardan olib chiqib ketishini aytdi. 6 may kuni Ramzan Qodirov «katta og‘asi» Prigojin ketadigan bo‘lsa, chechenlar Baxmutdagi pozitsiyalarni egallashga tayyorligini bildirdi. «Vagner» rahbari ham bunga rozi bo‘ldi.

Bir kun o‘tib esa Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu janubiy okrugga tashrifi vaqtida «frontga qurol-yarog‘ yetkazib berishni nazorat qilish» bo‘yicha buyruq berdi. Bu buyruq tabiiyki aynan «Vagner»ga o‘q-dori berish bilan bog‘liq edi.

9 may kuni Prigojin 27 daqiqalik videomurojaat qilib, o‘q-dori muammosi hamon hal bo‘lmagani, so‘ralgan qurollarning atigi 10 foizi olinganini aytib, Rossiya mudofaa vazirligini shantaj qilishda davom etdi. Yetmaganiga Rossiya armiyasi doimiy bo‘linmalaridan biri Baxmutda o‘z pozitsiyasini tashlab qochganini iddao qildi.

«Tepadan jinoiy buyruqlar berilmoqda, baliq boshidan sasiydi». Prigojin endi Putinga tashlanmoqdami?

Prigojinning «baxtiyor chol» haqida aytgan gaplari tarmoqda ayniqsa faol muhokama qilindi. «Vagner» rahbari o‘sha epizodda mana shunday degandi: «Har xil odam bor. Kimlardir urushadi, kimlardir bir vaqtlar zaxira bo‘lishi kerak degan narsani o‘qib qolgan va shuning uchun yig‘averadi, yig‘averadi. Ular dushmanni o‘ldirish uchun snaryad sarflash o‘rniga o‘zimizning askarlarni o‘ldirishmoqda. Baxtiyor chol esa hammasi yaxshi deb o‘ylashda davom etadi. Agar u haq bo‘lsa, mayli, sog‘ bo‘lsin. Lekin, aytaylik, bu chol o‘taketgan ahmoq bo‘lsa-chi? U holda urushni qanday yutish mumkin?»

«Kreml tahdid deb qabul qilgan»

«Meduza»ning Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin manbasi Prigojinning mudofaa vazirligiga murojaati Kremlda ochiqchasiga tahdid sifatida qabul qilinganini aytgan. Yana bir manbaga ko‘ra, Prigojin Rossiya hukumati bilan «bir jamoada emas va bir maqsad yo‘lida harakat qilmayapti».