Yevrokuboklar kabi, milliy chempionatlarda ham hal qiluvchi palla yetib keldi. Fransiyada «PSJ» chempionlik sari so‘nggi qadamlarini qo‘ysa, «Barselona» shu haftadayoq Ispaniya chempioniga aylanishi mumkin. Angliya va Germaniyada esa bu masala so‘nggi haftagacha davom etadigan ko‘rinadi. Bundan tashqari, YeChL yo‘llanmalari uchun, ligada jon saqlash uchun kurashlar ham avj pallaga yetib kelgan. Haftaning eng muhim va qiziqarli uchrashuvlari navbatdagi anonsimizda:

LIDS – NYuKASL (13 may, 16:30)

Angliyadagi navbatdagi tur ancha qiziqarli va muhim to‘qnashuv bilan boshlanadi. «Lids» APLda o‘z o‘rnini saqlab qolish bor imkoniyatini tashlashda davom etmoqda va hatto yaqinda bu vazifa bo‘yicha o‘ziga yarasha tajribali bo‘lgan Sem Ellardaysni olib ham keldi. «Katta Sem»ning dastlabki o‘yini muvaffaqiyatli chiqmagan bo‘lsa-da, raqib «Manchester Siti» edi va ortig‘ini da’vo qilish ham qiyin masala. Endi esa jamoa qolgan uch turda «Nyukasl», «Vest Hem» va «Tottenhem»dan ochkolar olishga to‘g‘ri keladi. Asosiy raqiblar «Lester», «Everton» va «Nottingem Forest». Raqiblarda ham taqvim u qadar oson emas, demak «Lids» uchun har bir ochko juda qadrli.

Xuddi shu mulohazani «Nyukasl»ga nisbatan ham ishlatish mumkin. Eddi Hau jamoasining kuchli to‘rtlikdagi o‘rni ancha xavfsiz ko‘ringan bo‘lsa-da, «Arsenal»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin, buning ustiga «Liverpul»ning qatorasiga g‘alabaga erishayotgani biroz xavotirga solib qo‘ydi. Jadvalning quyida kurash ancha qizg‘inligi uchun o‘tkinchi o‘yinlar yo‘q, demak hali o‘ynash kerak. «Nyukasl» «Lids»dan tashqari, «Lester» bilan, yevrokuboklar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib – «Brayton» hamda tarkib jihatidan baribir ko‘p narsaga qodir bo‘lgan «Chelsi» bilan safarda o‘ynaydi. Bu o‘yinlardagi ikki mag‘lubiyat «Nyukasl»ni umuman beshinchi o‘ringa tushirib yuborishi ham mumkin. Demak, jamoa mavsum davomida har qancha barqaror ko‘ringan bo‘lmasin, so‘nggi o‘yinlarda ham o‘sha darajani saqlab qolishi shart. Bosimni biroz kamaytirish, keyingi o‘yinlardagi qo‘shimcha ishonch uchun ham «Lids» safari juda muhim.

Birinchi davradagi o‘zaro o‘yin ham «Nyukasl» uchun oson kechmaganini, o‘tgan yilning so‘nggi oqshomida o‘tgan uchrashuvda hisob ochilmaganini ham eslatib o‘tish joiz. O‘shanda mezbonlar 7ta o‘ta xavfli vaziyat yaratgan va birortasidan ham foydalana olmagandi.

Tarkiblar borasida yo‘qotishlar u qadar ko‘p emas. Mezbonlar safida Dallas va Kuperning o‘ynay olmasligi avvaldan ma’lum edi. Hau jamoasida esa Shon Longstaff hali mashg‘ulotlarga qaytgani yo‘q. Richi, Kraft va Lassels kabi futbolchilar esa mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Shuningdek, so‘nggi o‘yinlarda San-Maksimen yaxshi formada emas va uning ushbu o‘yinda ham asosiy tarkibda kutmagan ma’qul.