Shayx Sa’diy Sheroziyning mashhur hikmati bor:

Ustiga kitob ortilgan eshak, Na olim-u, na dono beshak.

Ilmdan bahramand bo‘lish, uni hayotga tatbiq eta olish insondan juda katta farosat talab qiladi. O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin” asari bosh qahramoni Abdullajon esa aynan shu o‘qiganlarini tatbiq qilishga kelganda biroz adashdi va odamiyligini boy berib qo‘ydi...

Syujyet:

Abdullajon buvisining uyiga, Mingbuloqqa ta’tilda kelib yurardi. Maktabni oltin medalga bitirgandan so‘ng ham odatiga ko‘ra qishloqqa boradi. U yerda yoshlikdagi o‘rtog‘i Gulchehrani uchratib, chiroyli, odobli qiz bo‘lganini ko‘rgan yigit beixtiyor ko‘ngil qo‘yadi. Ular Abdulla shaharga qaytgungacha bir-birlari bilan uchrashib yurishadi.

Ta’tildan so‘ng ikkisi ham o‘qishga topshirishlari, biror oliygohda ta’limni davom ettirishlari lozim edi. Gulchehraning maqsadi aniq: me’mor bo‘lish. Ammo u shaharga borolmasdi. Onasi saratonga chalingan, ota-onasini shu holda tashlab ketishga ko‘zi qiymasdi. Shuning uchun sirtqi ta’limga topshirdi. U ayni paytda qishlog‘ining eski maketini yasay boshlagandi. Maqsadi – eski va ko‘rimsiz qishlog‘ini yangi va qulay go‘shaga aylantirish.

Abdulla buvisinikidan qaytgach uni yangilik kutib turardi. Ayni paytda Abdullaning ham otasi bemor: gipertoniyaga chalingan bo‘lib, uyga qamalib qolgandi. Otasining yoniga Tursunali ismli odam keladi va Abdullaning Moskvadagi yangi ochilgan institutda o‘qishi uchun yordam berishini aytadi. Abdullaning dadasi G‘ofur aka bu odamga ilgari yordam berganligini keyin eslaydi.

Tursunali aka Abdullaning aqlli, quntli bola ekanini bilardi. Qolaversa, o‘zining qizi Sayyorani ham o‘sha institutda o‘qitmoqchi, qiziga Abdullani sherik qilmoqchi edi. Bunday taklifdan Abdulla biroz gangiydi. Moskvaga ketib qolsa, Gulchehradan uzoqlashib ketishi mumkin, bu taklifdan voz kechsa, keyinchalik bunday imkoniyat qayta bo‘lmasligi mumkin. Abdulla rozi bo‘ladi...

Borib 4 yil o‘qiydi. Bu orada Gulchehraning onasi qazo qiladi, dadasi boshqaga uylanadi. Gulchehra butun boshli qishlog‘ining yangi loyihasini ishlab chiqadi va bu loyiha odamlarga ma’qul bo‘ladi. Bundan tashqari, Toshkentda “Yoshlik” nomli mehmonxona uchun loyihalar tanlovida g‘olib bo‘lib, uning chizmalari asosida mehmonxona qurila boshlaydi. Faqat bitta muammo bor edi. Gulchehra Abdulladan homilador bo‘lgandi.

Bu payt Abdulla o‘qishni bitiray deb turgan, xayollari chalkash bir holatga tushgandi. Sababi shunda ediki, Tursunboy aka akademik unvonini olgan bo‘lib, bu unvon Abdullaning ham orzusiga aylangan, yuragiga o‘t solgandi. Tursunboy aka Abdullani kuyov qilish niyatida yurganini bilgandan so‘ng, u uchun Sayyoraga uylanish unvon tomon dadil qadam bo‘lishini o‘ylab qolgandi. Sayyoraga uylanish porloq kelajak kafolatidek ko‘rina boshladi unga. Lekin uning ko‘ngli Gulchehrada edi. Gulchehra ham anoyi chiqmadi. Qishlog‘ida katta ishlarni boshlab yuboribdi.