Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShning Washington Post nashriga intervyu bergandi. Suhbat e’lon qilinganidan keyin undagi ba’zi epizodlar g‘oyib bo‘ldi. Foydalanuvchilar bu epizod olib tashlanganini intervyuning arxivlangan varianti bilan taqqoslab ko‘rdi.

«Siz kim bilan gaplashdingiz?»

Suhbat davomida Zelenskiy AQShdagi maxfiy hujjatlar sizib chiqishi haqida gapirgan joyi olib tashlangan. Kesib tashlangan epizodda jurnalistlar Zelenskiydan «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan aloqasi haqida so‘rashgan.

The Washington Post: Hujjatlarda Ukraina razvedkasi Yevgeniy Prigojin bilan norasmiy aloqada bo‘lib turgani haqida yozilgan. Xususan, Prigojin Ukraina razvedkasi ofitseri bilan uchrashgani aytilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Volodimir Zelenskiy: Bu razvedkaga tegishli savol. Meni davlatga xiyonatda ayblab qamashlarini xohlaysizmi? Kimdir mendan Ukraina razvedkasi haqida ma’lumotlari, hujjatlari borligini aytib nimadir so‘rasa, ajablanaman: Ukrainadagi qaysi manba bilan gaplashasiz? Kim sizga bizning razvedka tashkilotimiz haqida gapirib beradi? Axir bu juda og‘ir jinoyatku?

Bunga javoban jurnalist Zelenskiy maxfiy ma’lumotlar haqida gaplashgan birinchi ukrainalik prezident bo‘lganini aytgan.

The Washington Post: Men Prigojin va Ukraina razvedkasi haqida qanday ma’lumotlar borligini o‘qib berishim mumkin. 13 fevral kuni Ukraina bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov sizga Rossiyaning Moldovadagi vaziyatni izdan chiqarish bo‘yicha rejasi haqida ma’lumot bergan. Budanov sizga buni Rossiyaning Prigojinni ayblash rejasi sifatida ko‘rayotganini aytgan va «u bilan aloqada ekani»ni ta’kidlagan. Siz Budanovga bu haqda Moldova prezidenti Mayya Sanduni xabardor qilishni topshirgansiz. Budanov esa Prigojinga uni Ukrainaga ishlaydigan xoin deb e’lon qilishmoqchi ekanini aytgani haqida hisobot bergan. Shuningdek, Budanov rossiyaliklar Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan maxfiy aloqasi, Afrikada ukrainalik razvedkachilar bilan uchrashganini asos qilib keltirmoqchi ekanini aytgan.

Volodimir Zelenskiy: Aftidan, sizda yozishmalar, hujjatlar, faktlar bor. Har holda gaplaringizdan shunga o‘xshayapti. Kechirasiz-u, siz avval ham qilgan ishingizni yana takrorlayapsiz. Siz bizning davlatimizga yordam bermaydigan ma’lumotlarni e’lon qilyapsiz. Shuning uchun nima demoqchi ekaningizni unchalik tushuna olmayapman. Maqsadingizni tushunmayapman, siz Rossiyaga yordam bermoqchimisiz? Demak, bizning maqsadlarimiz turlicha ekan. Bu narsalar Ukrainaning, bizga yordam bermoqchi bo‘layotgan hamkorlarning motivatsiyasini sindiradi. Shuning uchun, to‘g‘risi, sizning maqsadingizni tushuna olmadim.