Jahon | 11:45 / 17.05.2023
9204
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiyalik Moskvada Rossiya armiyasi haqidagi "feyklar" uchun qamaldi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil mart oyida Alberto Xiraldo Saray Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlari haqida ommaviy SMS yuborish bilan shug‘ullangan. Kolumbiyalik 5 yildan ortiq qamoq jazosini oldi.

Foto: forpost

Moskvada Kolumbiya fuqarosi Alberto Enrike Xiraldo Saray uyushgan guruh tomonidan g‘arazli niyatda harbiy “feyklar”ni tarqatishda ayblanib, 5 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bundan tashqari, kolumbiyalikka uch yil davomida internet-resurslarni boshqarish taqiqlangan, deb xabar berdi "Mediazona" 16 may, seshanba kuni Moskvaning Golovinskiy tuman sudi matbuot xizmatiga tayanib.

Tergov va sud jarayonida kolumbiyalik tergov izolyatorida edi, eshituvlar yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Prokuratura uni olti yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qildi.

Xiraldo Saray 2022 yil aprel oyida hibsga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 9 martdan 18 martgacha Rossiya armiyasining Ukrainadagi harakatlari, xususan, tinch aholining o‘ldirilishi va qo‘shinlarning “rezervdagilar, chaqiriluvchilar, chet ellik jangchilar” tomonidan to‘ldirilgani haqida “ommaviy” SMS yuborish bilan shug‘ullangan. 

Prokuratura kolumbiyalikning harakatlari xorijdan boshqarilgan, deb hisoblamoqda. Xuddi shu holatda yana ikki kishi qidiruvga berilgan - Ramires Salazar va Briseno Mendosa. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Mendosa "noma’lum shaxslardan ko‘rsatmalar olgan" va Xiraldo ishini muvofiqlashtirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid