Rossiyaning eng yirik kompaniyasiga aloqador «Potok» («Oqim»), «Fakel» («Mash’al») va «Plamya» («Alanga») nomli harbiy bo‘linmalar mavjudligi haqida ilk marta «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojin aprel oyida aytgandi. Bundan tashqari, jurnalistlar hukumat yil boshida «Gazprom»ga o‘z qo‘riqlash tashkilotini tuzishga ruxsat berganiga e’tibor qaratgan. BBC «Gazprom»ga tegishli bu xususiy harbiy kompaniyalar va ularning Ukrainaga bosqini haqida ba’zi ma’lumotlarni aniqladi.

21 aprel kuni «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RIA FAN nashri jurnalisti Aleksandr Simonovga intervyu bergan, o‘sha suhbatda Ukrainadagi urush uchun tuzilgan boshqa xususiy harbiy kompaniyalar faoliyatidan noligandi. «Puli bor o‘sha odamlar xususiy harbiy kompaniya ochish ajoyib ish deb o‘ylashadi. «Gazprom»da «Oqim» bor, [milliarder Andrey] Bokaryovning xususiy harbiy kompaniyasi, «Redut» degani ham bor. Hamma hayvon o‘z jufti bilan», degandi o‘sha intervyuda Prigojin nolib.

Putinning sobiq oshpazi boshqa xususiy harbiy kompaniyalar «Vagner» hujum qilayotgan qanotga yuborilayotgani, ammo ular urushishni bilmagani uchun o‘z pozitsiyalaridan chekinayotganini aytgandi: «Ular o‘z xususiy harbiy kompaniyasini tuzadigan darajada *** ekani haqida Kremlda hisob berishi kerak. Axir bu qanday XHK bo‘ldiki, unda na aviatsiya bor, na artilleriya bor. Ularda radioelektron kurash vositalari ham, radioelektron razvedka ham, uchuvchisiz qurilma ham, jangovar komplekt ham, oddiy shifokorlar ham yo‘q. Bu ham hech nima emas, asosiy muammo shundaki, ularning boshqaruv tizimi yo‘q. Jang qilish uchun taktikani tushunadigan komandirlar bo‘lishi kerak», degandi Prigojin. Uning so‘zlariga ko‘ra «Gazprom»ga tegishli «Oqim» XHK yollanma harbiylari juda katta maosh olgan.

Jurnalist Simonov Prigojinning noma’lum yollanma askar bilan bo‘lgan suhbatini ham e’lon qilgandi. Videoda askar uning guruhi Baxmutdagi pozitsiyasidan chekingani, oqibatda «Vagner»ning ko‘plab jangchilari halok bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhda aloqa va o‘q-dorilar bilan bog‘liq muammo bo‘lgan. Shuningdek, boshqaruvda xaos hukm surgan.

Prigojin «Vagner»dan boshqa xususiy harbiy kompaniyalar borligi haqida birinchi bo‘lib rasman ma’lum qildi. Ammo jurnalistlar Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin o‘z buyrug‘i bilan «Gazpromneft»ga xususiy qo‘riqlash tashkiloti tuzishga ruxsat berganiga e’tibor qaratgan.

Bu buyruqqa asosan Omskda «Gazpromneft qo‘riqlash korxonasi» tuziladi. Unga Arxangelsk oblasti ichki ishlar boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Stanislav Bauman rahbarlik qiladi. Tuzilma ta’sischisi sifatida Omskda ro‘yxatga olingan «Staf-sentr» xususiy qo‘riqlash korxonasi ko‘rsatilgan. Bu XQK Peterburgdagi qo‘riqlash tuzilmalariga tegishli. Bu tashkilotni esa urush boshidan buyon Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Omsk bo‘yicha boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari Sergey Tochilin boshqargan.