O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi 18 may kuni Xitoy raisi Si Jinping bilan muzokaralardan boshlandi. Uchrashuv ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida, Sian shahridagi “Shensi” qarorgohida o‘tdi.
Si Jinping Shavkat Mirziyoyevni konstitutsion referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi, bo‘lajak prezident saylovida muvaffaqiyat tiladi. O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbarini muhim siyosiy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda oliy davlat lavozimlariga qayta saylangani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrida dolzarb bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani, barcha darajalardagi o‘zaro aloqalar jadal tus olgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani va muhim masalalarda tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani qayd etildi.
Kambag‘allikni qisqartirish, shu jumladan qishloq xo‘jaligi, yerdan foydalanish, kichik va o‘rta biznes, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish va professional ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda samarali tajriba almashish va amaliy choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bu, eng avvalo, zamonaviy sanoat quvvatlarini barpo etish, investitsiyaviy va yuqori texnologik korxonalarni tashkil etish borasidagi qo‘shma loyihalarni nazarda tutadi.

Kuni kecha o‘tkazilgan biznes-forum yakunida umumiy qiymati 25 milliard dollarlik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi va kelishuvlarga erishildi.
Muqobil energetikani rivojlantirish bo‘yicha quyosh, shamol va suv elektr stansiyalarini barpo etish, quyosh panellari, elektr uskunalar, transformatorlar, akkumulyatorlar ishlab chiqarish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mutaxassislarni tayyorlash borasidagi loyihalardan iborat investitsiyaviy-texnologik hamkorlik dasturini amalga oshirishga e’tibor qaratilgan.
Yangi avlod avtomobillarini ishlab chiqarish sohasidagi kooperatsiyani kengaytirish – elektr va gibrid avtotransport vositalarini yig‘ish bo‘yicha zamonaviy zavodlarni ishga tushirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

















