Markaziy Osiyoning beş davlati taşqi siyosat idoralari rahbarlari Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud töğrisidagi şartnoma imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan qöşma bayonot bilan çiqdi.
Mazkur hujjat 2006-yil 8-sentabrda Semipalatinsk şahrida Qozoğiston, Qirğiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Özbekiston örtasida tuzilgan Semipalatinsk şartnomasini yod etiş maqsadida qabul qilindi.
Vazirlar yadro qurolidan xoli dunyoni barpo etişga sodiq ekanligini bildirib, yadro qurolining har qanday qöllanilişi yoki sinovdan ötkazilişi halokatli gumanitar oqibatlarga olib kelişi mumkinligini taʼkidladi.
Bayonotda Semipalatinsk şartnomasi işonçni mustahkamlaş, mintaqaviy barqarorlikni taʼminlaş va yadro quroli tarqalişining oldini oliş borasidagi xalqaro saʼy-harakatlar uçun muhim vosita bölib qolayotgani qayd etilgan.
Markaziy Osiyo Şimoliy yarimşardagi yagona yadrosiz mintaqa bölib qolmoqda
Qozoğiston Taşqi işlar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan bayonotda taʼkidlanişiça, yadro qurolidan xoli hududning taşkil etilişi mintaqa mamlakatlarining xalqaro xavfsizlik sohasidagi eng muhim qadamlaridan biri bölgan.
TIV rahbarlari Semipalatinsk şartnomasi tinçlik va barqarorlikni mustahkamlaş yölida öz saʼy-harakatlarini birlaştira olgan beş davlat hamkorligining noyob namunasi ekanini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo hududi Şimoliy yarimşarda töliq joylaşgan va ikkita yadroviy davlat bilan çegaradoş bölgan birinçi va yagona yadrosiz zonaga aylandi. Ötmişda yadroviy sinovlar va qurollarni joylaştiriş bilan boğliq bölgan mintaqa bugungi kunda yadroviy qurolsizlaniş böyiça global taşabbuslar iştirokçisidir.
Bayonotda Semipalatinsk yadro poligonining yopilişiga, şuningdek, butun dunyo böylab yadroviy sinovlar qurbonlari xotirasini asraş zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Semipalatinsk yadro poligoni 1948-yilda Qozoğiston hududida birinçi sovet yadro qurolini sinovdan ötkaziş uçun taşkil etilgan. Taxminan 18,5 ming km² maydonni egallagan poligon Şarqiy Qozoğiston, Qarağanda va Pavlodar viloyatlari hududida joylaşgan. 1949-yildan 1989-yilgaça bu yerda 456 ta yadro sinovi, jumladan, 116 ta atmosfera va 340 ta yer osti portlaşi ötkazilgan.

















