«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin 20 may kuni o‘z jangarilari tomonidan ancha oldin egallangan vokzalda turgan holda Baxmut shahrining ma’muriy chegaralari to‘liq zabt etilgani haqida e’lon qildi. Bir necha soat o‘tib u dalil sifatida xizmat qilishi kerak bo‘lgan videolarni namoyish etdi: turli hududlardagi binolarga Rossiya va kompaniya bayroqlari o‘rnatilgani aks etgan kadrlarni.

Videoga xarita ham biriktirilgan, unga ko‘ra, bayroqlar shahar g‘arbidagi deyarli barcha rayonlarda ko‘tarilgan, bittasidan tashqari — shahardan janubi-g‘arbiy chiqish joyiga (avval MiG-17 samolyotiga o‘rnatilgan yodgorlik bilan tanilgan), bu hudud 19 may kuni ham «Vagner» nazoratiga o‘tmagandi. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK 20 may kuni ham «samolyot zonasi»dagi sanoat binolaridagi pozitsiyalarida mudofaani davom ettirayotgandi.

Prigojin mojarolashib kelayotgan Rossiya mudofaa vazirligi ham 21 mayga o‘tar kechasi «Artemovskni ozod etish» (shaharning sovetcha nomlanishi) jarayoni yakunlangani haqida e’lon qildi.

Shunday qilib «Vagner» XHK Baxmutni to‘liq egalladimi?

Katta ehtimol bilan shunday. «Munozarali» hudud Chaykovskiy ko‘chasi oxiridagi bir necha o‘n ko‘p qavatli uylar, maktab, bolalar bog‘chasi va garajlardan iborat. Ko‘chaning narigi tomonida qishloq xo‘jaligi korxonalari joylashgan. Binolar va ular orasidagi bo‘shliq Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari tomonidan yaxshi mustahkamlangan bo‘lib, ular bu yerda fevral oyi oxiridan buyon mudofaalanmoqda. Muntazam hujumlar va artilleriya zarbalariga qaramay, «Vagner» XHK o‘tgan vaqt davomida Ukraina qurolli kuchlarining zich binolardagi mudofaasini yorib o‘ta olmayotgandi.

Ammo so‘nggi kunlarda Baxmut mudofaachilarining holati keskin yomonlashdi: 18 mayga kelib, shaharning boshqa rayonlari mudofaasi qulagach, bu rayondagilar butun XHK va uning artilleriyasi bilan yuzma-yuz qoldi. Agar avvallari yollanma jangchilar ularga faqat sharqdan hujum qila olgan bo‘lsa, endi shimoldan ham, Chaykovskiy ko‘chasi bo‘ylab bostirib kela boshlashdi. Bundan tashqari, «samolyot rayoni»ga qurshov xavfi tahdid soladi — XHK yo‘lning narigi tomonidagi qishloq xo‘jaligi korxonalarini egallab olgan taqdirda.

Shu tariqa, agar Ukraina QK bo‘linmalari 20 may kuni mudofaa ushlab turilgan so‘nggi rayonni hali ham tark etmagan bo‘lsa, katta ehtimol bilan yaqin soatlar yoki kunlar ichida baribir shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri keladi.

Ramziy ahamiyatidan tashqari («Baxmut qal’asi»ning so‘nggi qal’asi), rayon taktik jihatdan ham ahamiyatli: ko‘p qavatli uylar baland tepalikda joylashgan (shahar aholisi uni Bugor deb ataydi). Tepalik g‘arbdagi Baxmut — Konstantinovka trassasi o‘tuvchi Ivanovskoye (Krasnoye) posyolkasidan yuqorida turadi. Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi haftalarda aynan shu yo‘ldan Baxmutga qo‘shimcha kuch tashlayotgandi. Tepalik va undagi ko‘p qavatli uylar egallab olinsa, shaharga yaqinlashib kelish haddan tashqari qiyinlashadi — Bugordan g‘arbdagi kenglik bir necha kilometrgacha yaqqol ko‘rinib turadi (va oson o‘qqa tutiladi).