JCh-2023ga kim qanday yetib keldi?
O‘zbekiston U20 jamoasi mart oyida mamlakatimizda o‘tgan Osiyo kubogi-U20 turniri chorakfinalida Avstraliyani penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga (1:1, 5:4) uchratib, JCh-2023 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yarimfinalda Janubiy Koreya ham penaltilar seriyasida (3:1) to‘xtatilgan bo‘lsa, finalda Umarali Rahmonaliyevning Iroq darvozasiga penaltidan yo‘llagan goli Ravshan Haydarov jamoasiga Osiyo chempionligini keltirdi.

Yangi Zelandiya yoshlar jamoasi esa 2022 yilda o‘tgan Okeaniya chempionati finalida Fiji yoshlarini 3:0 hisobida mag‘lub etib, qit’a chempioni sifatida JCh-2023ga tashrif buyurdi.
O‘yin oldidan
Ravshan Haydarov shogirdlari kichik mundialning 1-turida mezbon Argentinaga alamli tarzda mag‘lubiyatga (1:2) uchragach, bu bahsda ularni faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Ochko yo‘qotilgan taqdirda esa guruhdan chiqish imkoniyatlari pasayib ketishi mumkin.
Darren Bazeley murabbiyligidagi Yangi Zelandiya esa 1-turda Norman Garbetning 80-daqiqadagi yagona goli evaziga Gvatemalani mag‘lub etib, turnirni g‘alaba bilan boshladi. Bu o‘yindagi g‘alaba esa okeaniyaliklarga pley-off yo‘llanmasini taqdim etadi.
O‘zaro o‘yinlar
O‘zbekiston U20 jamoasi jahon chempionatida Yangi Zelandiyaga qarshi ilk va so‘nggi marta bundan 10 yil avval – Turkiyadagi mundialga o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. Ahmadjon Musayev murabbiyligidagi jamoa JCh-2013 dastlabki turida Yangi Zelandiya ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchgan. Abbosbek Maxstaliyev, Igor Sergeyev va Diyorjon Turopovning gollari vakillarimizga guruh bosqichidagi yagona g‘alabani keltirgan.

Tarkiblar bahosi
Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar jamoasi umumiy tarkibi bahosiga ko‘ra, Yangi Zelandiya U20 jamoasidan pastroq o‘rinda. JCh-2023ning 24 jamoasi orasida Yangi Zelandiya umumiy 2,5 million yevro narx bilan 18-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston 2,15 million yevro narx bilan 20-o‘rindan joy olgan.

















