«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin kremlparast polittexnolog Konstantin Dolgovga intervyu berdi. Uning bu intervyusi ham doimgidek shov-shuvli chiqdi. Dolgovning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin suhbat davomida barcha «noqulay savollarga javob bergan». Quyida «Vagner» rahbarining asosiy gaplari keltiriladi.

«Maxsus harbiy amaliyot» borishi va maqsadi

Biz ochiqchasiga Ukrainaga kirib, butun mamlakat bo‘ylab millatchilarni qidirdik. Keyin Kiyevga bordik, ruschasiga aytganda, *** qo‘ydik. Keyin Xersonga borib ham «o‘tirib qo‘ydik». Bunday qarasak, bizning harakatlarimiz o‘xshamayapti.

«Maxsus harbiy amaliyot»ning maqsadlaridan biri – Ukrainani «denatsifikatsiya» qilish edi, lekin biz ukrainlarni dunyodagi eng mashhur millatga aylantirdik. Xuddi taraqqiyot davridagi yunonlar va rimliklar kabi.

Keyingi maqsad Ukrainani «demilitarizatsiya», ya’ni qurolsizlantirish edi. Endi qarang: aytaylik, ularda urushdan avval 500 ta tank bor edi, hozir 5 mingta bo‘ldi. Urushgacha ularda 20 ming odam urusha olgan bo‘lsa, hozir 400 ming odam jang qilishni biladi. Bu Ukrainani «demilitarizatsiya» qildik deganimi? Aksincha, biz ularni «militarizatsiya» qildik.

Ukraina armiyasiga maqtov

Bugun «Vagner» dunyodagi eng zo‘r armiya. Albatta, madaniy jihatdan Rossiya armiyasi ikkinchi ekanini aytishim kerak. Ammo Ukraina armiyasi ham endilikda dunyodagi eng kuchli armiyalardan biriga aylandi. Ularda tashkilotchilik, razvedka, tayyorgarlik yuqori darajada, qurol bilan hammasi joyida. Ular sovet vaqtidagi qurollarda ham, NATO bergan qurollar bilan ham muvaffaqiyatli harakat qila olmoqda. Ular xuddi ulug‘ vatan urushida bo‘lgani kabi bitta maqsad sari intilishmoqda.

Rossiya elitasi vakillarining farzandlari haqida

Shoyguning kuyovi yallo qilib yuribdi, qizi Kronshtad qal’asini ochmoqda. Sen bu qal’alar ortidan pul topganmisan? Pulingni shu qal’aga sarflaysanmi? O‘q-doriga sarfla o‘sha pulni, jin ursin. Mudofaa vazirining qizi shunaqa qilib yuribdi. [Kuyovi] bloger «maxsus harbiy amaliyot» unga yoqmasligini ham aytib yuribdi.

«Maxsus harbiy amaliyot»ni biz o‘ylab topganimiz yo‘q, lekin mas’uliyatni bo‘ynimizga oldik. Qo‘shnimiz bilan urushishga to‘g‘ri kelyaptimi, oxirigacha urushish kerak. Bu yerda erkaklar jang qilib yotibdi, kimlardir esa yallo qilishni afzal ko‘rmoqda. Elitaning ba’zi bolalari umuman qanday yashayotganini ko‘rsatmayapti, ba’zilar esa hayotidagi hashamat bilan maqtanishdan uyalmayapti. Ular internetda kremlarini ko‘rsatayotgan bir vaqtda boshqa oddiy onalar [urushda o‘lgan] o‘g‘lining ustida yig‘lab o‘tiribdi.