Belarus prezidenti Lukashenko, keyingi 2-3 yil davomida, Putindan Belarusda yadro qurolini joylashtirishni so‘rab kelar edi. Ya’ni bu rasman Lukashenkoning so‘rovi edi. 2020 yilgi Belarusdagi ommaviy namoyishlar va Ukraina urushi fonida, Rossiya-Belarus munosabatlari jiddiy o‘zgardi. Unga qadar Lukashenko Rossiya bilan yaqin edi, lekin tashqi siyosatda ma’lum muvozanat saqlab kelardi. Ukraina urushi boshlangach, bu muvozanat yo‘qoldi.

Xo‘sh, Rossiyaning taktik yadro quroli Belarus hududida joylashtirilishi, bu ikki davlatga nima beradi? Ularning manfaatlari nima?

Lukashenko uchun, bu – global maydonda “daxlsizlik” maqomini beradi. Agar e’tibor berilsa, qaysi davlatda yadro quroli bo‘lar ekan, ushbu davlat bilan ancha ehtiyotkorona muloqotda bo‘lishadi. Chunki yadro qurolining ishlatilishi juda halokatli baholanadi.

Misol uchun, Shimoliy Koreyada yadro quroli borligi, bu davlatga nisbatan o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni taqozo qiladi. Shimoliy Koreya yadro qurolining homiysi – sobiq SSSR va bugungi Xitoy Xalq Respublikasi ekani ma’lum. Agar KXDRda yadro quroli bo‘lmaganida edi, bu davlatdagi o‘ta repressiv va ta’bir qilib bo‘lmaydigan siyosiy tizim, kuch ishlatish orqali yiqitilgan bo‘lish ehtimoli yuqori edi.

Boshqa misol – Muammar Qazzofiy Liviyasi. Agar Qazzofiyda yadro quroli bo‘lganida edi, tashqi davlatlar uni yiqitish uchun harbiy operatsiyani amalga oshirishdan tiyilgan bo‘lar edi.

Demak, Rossiyaning taktik yadro raketalarini o‘z hududiga joylashtirib, Lukashenko o‘zi uchun xavfsizlik va daxlsizlik soyabonini yaratishga erishmoqda.

Putin-chi, bu unga nima beradi? Bu orqali Putin kollektiv g‘arbga o‘zining shart va talablarini yetkazdi. Putin, g‘arbda bamisoli “agar men bilan tezroq kelishuvga erishmasangiz, dunyodagi marginal davlatlarga yadro qurolini berishda davom etishim mumkin, nima qila olasiz?!” demoqda.

Bu holatga, Xitoy Xalq Respublikasining munosabati qanday? Rasman, hozircha munosabat yo‘q. Lekin bu masalada Pekinning ikkita manfaati to‘qnashmoqda.

Birinchisi – kollektiv g‘arbga bosim sifatida, bu ish Pekinga yoqishi mumkin. Lekin ikkinchi masala – AQShning Xitoyga yaqin bo‘lgan ittifoqchilari, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarda taktik yoki strategik yadro quroli joylashtirilishini, Xitoy mutlaq istamaydi. Shuning uchun, Belarusga Rossiya yadro quroli joylashtirilishini rasman qabul qilishi oson bo‘lmaydi.