Jahon | 15:21 / 29.05.2023
6741
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonning Manipur shtatida tartibsizliklarni bostirish vaqtida 60 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Manipur shtatidagi tartibsizliklarni bostirish vaqtida 60 kishi halok bo‘ldi. Etnik to‘qnashuvlar natijasida minglab odamlar uylarini tashlab ketgan.

Foto: westobserver.com

Hindistonning Manipur shtatini qamrab olgan tartibsizliklarni bostirishda kamida 60 kishi halok bo‘ldi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 35 mingga yaqin odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, tartibsizliklarni bostirish uchun shtatga yuborilgan qo‘shinlar so‘nggi ikki kun ichida 30 dan ortiq gumonlanuvchi - kuki jangarilarini yo‘q qilgan, deb yozadi Times of India. Shuningdek, bir guruh odamlar armiyaning bir qancha qurol-yarog‘ omborlarini talagani xabar qilingan. Rasmiylar kuki jangchilarini terrorchilar deb ataydi va ularni turar joy binolariga o‘t qo‘yishda ayblaydi. «Al-Jazira» Manipur hukumati rahbari Biren Singx bayonotiga tayanib, 40 ga yaqin jangchi o‘ldirilganini yozmoqda. 

May oyi boshida Hindiston shimoli-sharqidagi Manipurda hukumatning shtat aholisi yarmini tashkil etuvchi meytey xalqiga qabila maqomi berish rejasiga qarshi norozilik namoyishlari boshlandi. Bu maqom iqtisodiy manfaatlar beradi, qabilalar vakillari uchun ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar, davlat lavozimlarini egallash uchun kvotalar taqdim etadi. Kichik etnik guruhlar vakillari meytey jamoasiga bunday maqomning berilishi ozchiliklar huquqlarining buzilishiga olib keladi, deb hisobladilar. 

Namoyishlar etnik to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Noroziliklarni bostirish uchun Hindiston hukumati aholisi 3,2 million kishi bo‘lgan shtatga bir necha ming qurolli askar yubordi. 

Mavzuga oid