Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda 504,6 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 32 foizga ko‘p.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda benzin asosan Buxoro va Farg‘onadagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqariladi (shuningdek, Oltiariqda ham NQZ bor).

Gazeta.uz’ning o‘zida mavjud ma’lumotlarga tayanib yozishicha, 2023 yil boshidan beri benzin importi miqdori bir necha barobarga oshgan. Dastlabki to‘rt oyda 335,2 mln litr benzin import qilingan, bu – o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobarga ko‘p.

Yetkazib berishning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri 0,4 sentni (Markaziy bankning joriy yilning yanvar-aprel oylari uchun o‘rtacha kursi bo‘yicha 4624,4 so‘m) tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga arzon.

Mamlakatga olib kirilgan benzinning asosiy qismi (97,7 foiz) Rossiyadan import qilingan. O‘zbekiston Rossiyadan o‘tgan yilga nisbatan 2,3 baravar ko‘p – 327,8 mln litr benzinni 132,3 mln dollarga (litri 0,4 sentdan yoki 4579 so‘m) sotib olgan.

Avvalroq, Rossiya hukumati birja savdolarida narxlar oshishi sababli benzin eksportini qisqartirish masalasi muhokama etilayotgani ma’lum qilingandi. Bu O‘zbekistondagi narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.

Shuningdek, Turkmanistondan 2,15 mln litr (0,6 foiz) benzin 1,41 mln dollarga (litri 0,65 sent yoki 7452 so‘m), Belarusdan 2,33 mln litr benzin 1,7 mln dollarga (litri 0,73 sent yoki 8316,7 so‘m) import qilingan.

Statagentlik hisobotida keltirilishicha, 2023 yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlarining importi 45,9 foizga ko‘payib 621,7 mln dollarni, eksporti esa 89 foizga oshib, 64,4 mln dollarni tashkil qilgan.