Bu mavsum hali yakunlanmadi, ammo hozirdanoq erkin agentga aylanadigan qator futbolchilar nomi aniq. Bunday futbolchilarning shartnomalari muddati rasman iyun oyida yakunlanadi, ammo ularning klublari allaqachon ushbu futbolchilar mavsum yakunida jamoani tark etishi haqida e’lon qilishgan. Shartnomasi muddati tugayotgan yana bir qancha futbolchilar esa shartnomasini yangilashi deyarli aniq. Shu bilan birga, klubida qolish-qolmasligi mavhum bo‘lib turgan futbolchilar ham bor.

Ketishi aniq

Lionel Messi, 35 yosh, «PSJ»

Lionel Messi. Foto: Global Look Press

Argentinalik futbolchining Saudiyaning «Al-Hilol» klubiga o‘tishi haqidagi xabarlar — yilning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Arablar unga Yevropa bilan xayrlashib, Krishtianu Ronaldu bilan duelni qayta boshlashi uchun yiliga 400 million yevro taklif qilishmoqda.

«PSJ» ham o‘tgan oydagi mojarodan keyin uni olib qolishga ortiqcha harakat qilmadi. Parijliklar klubi bosh murabbiyi Kristof Galte 3 iyun kuni Fransiya chempionatining 38-turi doirasida «Klermon»ga qarshi kechadigan o‘yin Messi uchun klubdagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qolishini ma’lum qildi. «Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchini boshqarish sharafiga muyassar bo‘ldim. «Klermon»ga qarshi o‘yin Messining «Park de Prens»dagi so‘nggi uchrashuvi bo‘ladi. Ishonamanki, Lionelni stadion o‘zgacha tarzda kutib olib, chiroyli xayrlashadi», dedi u.

Messi «PSJ» safida 2021 yildan buyon o‘ynab kelayotgandi. O‘tgan vaqt ichida u klub uchun 74 o‘yinda maydonga tushib, 32 gol urdi va 35 golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning shartnomasi joriy yil yoziga qadar tuzilgandi. Ayni vaqtda unda «Barselona»ga qaytish varianti ham yo‘q emas.

Roberto Firmino, 31 yosh, «Liverpul»

Roberto Firmino. Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

Hozirgi «Liverpul»ni Firminosiz tasavvur qilish oson emas. Braziliyalik forvard futbolchilik faoliyatining eng yaxshi davrini - sakkiz yilni «Enfild»ga bag‘ishladi: «Liverpul»da u Angliyadagi barcha turnirlarda g‘olib chiqdi, 2018/2019 yillar mavsumida YeChL kubogini qo‘lga kiritdi, ammo so‘nggi vaqtlarda zaxira futbolchisiga aylanib qoldi. Qishda u jarohat tufayli bir yarim oy maydonga tusha olmadi, bahorda esa APLning olti o‘yinida qaydnomaga kiritilmadi. Shunga qaramay, u ligada 11 gol urishga erishdi.